Barcha yangiliklar
Kengash_faoliyati
Gallery image 277475
ESHONQULOV ELBEK ABDURAZOQOVICH
28 Okt 2026
15:33

Kengash_faoliyati

#kunlik_ish_reja_ijrosi
#kotibiyat_mudiri
#deputat_faoliyati
#162_qonun
#24_ta_masala

“DO‘STLIK” XO‘JALIKLARARO KANALINI REKONSTRUKSIYA QILISH ISHLARI YAKUNLANDI

Bandixon tumanida qishloq xo‘jaligi yerlarini kafolatli sug‘orish suvi bilan ta’minlash va suv resurslaridan samarali foydalanish maqsadida amalga oshirilgan “Do‘stlik” xo‘jaliklararo kanalini rekonstruksiya qilish ishlari yakunlandi.

1974-yilda qurilgan va shu vaqtga qadar kapital ta’mirlanmagan kanalning beton qoplamalari yaroqsiz holga kelgani sababli uning suv o‘tkazish imkoniyati pasaygan, foydali ish koeffitsiyenti esa 60 foizgacha tushib qolgan edi. Bu holat kanalga bog‘langan fermer xo‘jaliklari va aholi tomorqalarini suv bilan ta’minlashda muammolarni keltirib chiqargan.

Umumiy uzunligi 17 kilometr bo‘lgan kanalni rekonstruksiya qilish loyihasining qiymati qariyb 10 milliard so‘mni tashkil etdi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 2 405 gektar yer maydonini kafolatli sug‘orish suvi bilan ta’minlash hamda yiliga 900 ming kub metrga yaqin suvni tejash imkoniyati yaratildi.

Rekonstruksiya doirasida 58 ta gidrotexnik inshoot qurildi va suv sarfini aniq hisobga olish uchun 2 ta “aqlli” suv o‘lchagich o‘rnatildi.

Loyihaning yakuniy holati Xalq deputatlari Bandixon tumani Kengashining 11-“Bag‘rikeng” saylov okrugi deputati J.Abdinazarov hamda Kengash kotibiyati mudiri Azamat Pardayev ishtirokida o‘rganildi.

“Ushbu kanal hudud aholisiga uzoq yillar davomida xizmat qilib, fermerlar va tomorqa egalari uchun suv ta’minotini yaxshilashga, natijada aholi turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi”, — dedi Kengash kotibiyati mudiri Azamat Pardayev.

Mazkur loyiha suv yo‘qotilishini kamaytirish, sug‘orish samaradorligini oshirish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish uchun barqaror sharoit yaratishga qaratilgan.