




6-Xo‘japorso saylov okrugida qabriston obodonlashtirish ishlari deputatlik nazoratidan o‘tkazildi
Hududlarda qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash, aholi uchun munosib sharoitlar yaratish hamda mavjud muammolarni joyida o‘rganib, ularning amaliy yechimini ta’minlashga qaratilgan deputatlik nazorati izchil davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–406-son qarori, Oliy Majlis Senati Kengashining KQ–35-V-son qarori hamda mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan 24 ta tavsiya ijrosi doirasida 6-Xo‘japorso saylov okrugidagi Xoja Porso qabristonida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari o‘rganildi.
Joyiga chiqqan holda o‘tkazilgan o‘rganishda hudud deputati G‘.Madumarov, Agrar, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari bo‘yicha doimiy komissiya raisi o‘rinbosari M.Abdurahmonova, shahar Obodonlashtirish boshqarmasi mas’ul xodimi hamda mahalla faollari ishtirok etdi.
O‘rganish davomida O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 27-dekabrdagi O‘RQ–276-sonli «Dafn etish va dafn ishi to‘g‘risida»gi Qonuni talablari ijrosi, qabristonning sanitariya va obodonlashtirish holati hamda fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlar ko‘zdan kechirildi.
Ayniqsa, qabriston hududida fuqarolarning xavfsiz va qulay harakatlanishini ta’minlashga qaratilgan obodonlashtirish ishlariga e’tibor qaratildi. Bunday ishlarni sifatli tashkil etish, hududda tozalik va tartibni saqlash hamda mavjud infratuzilmani yaxshilash muhim ahamiyat kasb etadi.
Zero, qabristonlarni obod saqlash — bu shunchaki hududni tartibga keltirish emas, balki inson sha’ni va qadr-qimmatiga hurmat, milliy qadriyatlarimizga sadoqat hamda sanitariya talablariga rioya etishning muhim ifodasidir.
Deputatlik nazoratining bunday shakllari hududlardagi mavjud holatni xolis baholash, qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash va aholi uchun munosib sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.