





10-Bobur saylov okrugidagi Matonat ko‘chasida ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari o‘rganildi
Hududlarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, ichki yo‘llarning holatini yaxshilash hamda ta’mirlash ishlarining sifatli va belgilangan muddatlarda bajarilishini ta’minlash mahalliy Kengash deputatlarining muhim nazorat yo‘nalishlaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–406-son qarori, Oliy Majlis Senati Kengashining KQ–35-V-son qarori hamda mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan 24 ta tavsiya ijrosi doirasida Marg‘ilon shahrida hududlardagi muammolarni bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
Navbatdagi deputatlik nazorati 10-Bobur saylov okrugidan saylangan deputat E.Tursunqulov va kotibiyat bosh mutaxassisi N.Akbarova tomonidan Matonat ko‘chasida olib borildi.
O‘rganish davomida ko‘chada amalga oshirilayotgan ichki yo‘llarni ta’mirlash ishlari, ularning amaldagi holati hamda belgilangan vazifalar ijrosi ko‘zdan kechirildi.
Ta’kidlash joizki, mazkur ishlar Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 2026-yil 8-iyundagi VII-27-43-11-168-K/26-son qarori asosida amalga oshirilmoqda. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-oktabrdagi 665-son qaroriga muvofiq qabul qilingan bo‘lib, unda Marg‘ilon shahridagi ichki yo‘llarni saqlash va joriy ta’mirlash bo‘yicha 2026-yil uchun dastlabki manzilli ro‘yxat tasdiqlangan.
Deputat E.Tursunqulov o‘rganish jarayonida ta’mirlash ishlarining belgilangan talablar asosida bajarilishi, sifati va yakuniy natijasiga e’tibor qaratdi. Shuningdek, ishlarning samarali tashkil etilishi yuzasidan tegishli mas’ullarga zarur tavsiyalar berildi.
Deputatlik nazoratining bunday shaklda olib borilishi Kengash qarorlarining joylarda amalda ijro etilishini ta’minlash, mavjud muammolarni o‘z vaqtida aniqlash hamda aholining yo‘l infratuzilmasiga oid ehtiyojlarini manzilli hal etishga xizmat qiladi.
Matonat ko‘chasidagi ta’mirlash ishlari va ularning yakuniy natijalari deputatlik nazorati doirasida kuzatib boriladi.