






XALQ DEPUTATLARI KARMANA TUMANI KENGASHINING 32-SESSIYASI BO‘LIB O‘TDI
Xalq deputatlari Karmana tumani Kengashining 32-sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiya kun tartibidan tuman aholisining murojaatlari bilan ishlash, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ijrosi, anorchilik klasterining suv ta’minoti xarajatlarini moliyalashtirish hamda mahalliy budjet ijrosiga oid muhim masalalar o‘rin oldi.
Dastlab sessiyaning tashkiliy masalasi ko‘rib chiqilib, 12-sonli “Bunyodkor” saylov okrugi deputati Jumayeva Feruza Ruzikulovna sessiya kotibi etib saylandi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Karmana tumani Xalq qabulxonasi tomonidan 2026-yilning uchinchi choragi davomida tuman aholisidan kelib tushgan murojaatlar holati yuzasidan axborot eshitildi. Murojaatlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni o‘rganish va ularni hal etish masalalariga e’tibor qaratildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hujjatlari, Oliy Majlis palatalari va Hukumat qarorlari, oliy darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlar asosida ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritasi”da Karmana tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlarning ijrosi yuzasidan amalga oshirilgan ishlar muhokama qilindi. Mazkur masala bo‘yicha Xalq deputatlari Karmana tumani Kengashi kotibiyati mudiri Shermatova Gulnoza Abduhkimovnaning axboroti tinglanib, atroflicha tahlil qilindi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala — Karmana tumanidagi anorchilik klasterining suv ta’minoti xarajatlarini moliyalashtirish masalasi bo‘ldi. Ushbu masala yuzasidan tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Zayniyev Sherzod Imomovichning axboroti eshitilib, muhokama qilindi.
Bundan tashqari, Karmana tumani mahalliy budjetining 2026-yilning to‘qqiz oylik ijrosi hamda mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan mablag‘larni yo‘naltirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha tuman Iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Radjabov Dilshod Ilhomovichning hisoboti tinglanib, atroflicha tahlil qilindi.
Sessiya davomida kun tartibidagi masalalar yuzasidan taqdim etilgan axborot va hisobotlar muhokama qilinib, tuman rivoji, aholi murojaatlari bilan ishlash, belgilangan chora-tadbirlar ijrosi hamda mahalliy budjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq masalalarga e’tibor qaratildi.
Sessiya yakunida sessiya kotibi Jumayeva Feruza Ruzikulovnananing axboroti eshitildi.
Xalq deputatlari Karmana tumani Kengashining 32-sessiyasida ko‘rib chiqilgan masalalar tuman hayotining muhim yo‘nalishlarini qamrab olib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi manfaatlarini ta’minlash va belgilangan vazifalar ijrosini nazorat qilish masalalarini muhokama etishga qaratildi.