






«GUZAR» MAHALLASIDA YANGI SERVIS HUDUDI BARPO ETILADI
«GUZAR» MAHALLASIDA YANGI SERVIS HUDUDI BARPO ETILADI
Namangan shahrida tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Shu maqsadda Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati, Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan «Guzar» mahallasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyiha ko‘rib chiqildi. Loyihaga ko‘ra, mahalla hududidagi tutash ko‘chalarning 1 kilometr uzunlikdagi qismida kecha-yu kunduz faoliyat yuritadigan, zamonaviy talablarga javob beruvchi servis hududi tashkil etiladi.
Loyihani amalga oshirish uchun 2,4 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi rejalashtirilgan. Ushbu mablag‘lar hisobidan yo‘l va hudud infratuzilmasini yaxshilash, obodonlashtirish ishlarini olib borish hamda tadbirkorlik subyektlari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tashabbus doirasida 15 dan ortiq yangi tadbirkorlik subyektini ishga tushirish va 40 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Bu esa mahallada iqtisodiy faollikni oshirish, aholi bandligini ta’minlash hamda xizmat ko‘rsatish turlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Yangi servis hududining tashkil etilishi «Guzar» mahallasining iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, tadbirkorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish va aholiga yanada qulay xizmat ko‘rsatish muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
📌 Maqsad — mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholiga qulay xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish.