










TOSHKENT SHAHAR KENGASHI DEPUTATI DILDORA RUSTAMOVA 2026-YILNING UCHINCHI CHORAGI BO‘YICHA SAYLOVCHILARGA AXBOROT BERDI
#deputat_axboroti #poytaxtdeputatlari #deputatlik_faoliyati
❗️XALQ DEPUTATLARI TOSHKENT SHAHAR KENGASHI DEPUTATI DILDORA RUSTAMOVA 2026-YILNING UCHINCHI CHORAGI BO‘YICHA SAYLOVCHILARGA AXBOROT BERDI
🏛 Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining 12-“Mirzo G‘olib” saylov okrugidan saylangan deputati Dildora Rustamova Olmazor tumanidagi saylovchilar bilan uchrashib, 2026-yilning uchinchi choragi yakunlari hamda joriy yilning to‘qqiz oyi davomida amalga oshirilgan deputatlik faoliyati, hududlarda olib borilgan o‘rganishlar, fuqarolar murojaatlari va ularning yechimlari yuzasidan axborot berdi.
🤝 Unda Olmazor tumani hokimligi mas’ul xodimlari, tuman Kengashi deputatlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar faollari, nuroniylar, 17-oilaviy poliklinika hamda 29-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabi vakillari, shuningdek, saylovchilar ishtirok etdi
📊 Deputat axborotida ta’kidlanganidek, hisobot davrida mahallalarda saylovchilar bilan uchrashuvlar, fuqarolar qabullari va joyiga chiqib o‘rganishlar tashkil etilib, 77 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqilgan. Murojaatlar asosan sog‘liqni saqlash, uy-joy kommunal xo‘jaligi, ijtimoiy himoya va hudud infratuzilmasiga oid masalalarni qamrab olgan.
🏥 Aholi salomatligini muhofaza qilish deputatlik faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Jumladan, turli mahallalarda istiqomat qiluvchi fuqarolarning imtiyozli tibbiy xizmatlardan foydalanishiga ko‘maklashilib, 21 nafar fuqaroning terapiya yo‘nalishida imtiyozli davolanishi uchun amaliy yordam ko‘rsatilgan.
🩺 Shuningdek, 34 nafar nogironligi bo‘lgan va yotib davolanayotgan fuqaroning yashash manziliga shifokorlar tashrifi tashkil etilib, ular chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan hamda zarur tibbiy maslahatlar berilgan.
🔎 “Zamondosh” mahallasida fuqarolarning ko‘p kvartirali uyga xizmat ko‘rsatish sifati yuzasidan murojaati o‘rganildi. Xususan, Olmazor tumani 1-tor ko‘chasi 3-uy binosining fasadi, kirish qismi va yo‘laklari ta’mirtalab holatga kelgani, xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot faoliyatidan norozilik bildirilgani sababli deputat tomonidan joyiga chiqib o‘rganish o‘tkazilib, masala tegishli tartibda ko‘rib chiqish uchun yo‘naltirildi.
♻️ 2026-yil iyul oyida “Zamondosh” mahallasidagi 3-bino oldida joylashgan bolalar maydonchasi ta’mirlanib, foydalanishga topshirildi. Mazkur ishlar hududda bolalar uchun xavfsiz va qulay dam olish sharoitlarini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
📉 “Shifokorlar” mahallasidagi 16-oilaviy poliklinika hamda “Ziyokor” mahallasidagi 18-oilaviy poliklinika faoliyati o‘rganilib, aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish sifati va mavjud sharoitlarga e’tibor qaratildi.
⚡️ Bundan tashqari, Olmazor tumanidagi 14- va 19-oilaviy poliklinikalarda elektr ta’minotini yaxshilash hamda ta’mirlash ishlarini tashkil etish masalalari yuzasidan o‘rganishlar olib borildi.
💡 “Achaobod” mahallasida joylashgan sport maktabining moddiy-texnik holati o‘rganilib, sport zalini qayta ta’mirlash va muassasa hududida asfaltlash ishlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
🔺 Xususan, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish, tibbiy sug‘urta mexanizmlarini takomillashtirish va aholining imtiyozli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
🗣 Uchrashuvning savol-javob qismida mahalla raislari, faollar va fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar tinglanib, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, uy-joylarni ta’mirlash, kommunal xizmatlar hamda mahallalarda mavjud infratuzilma muammolari muhokama qilindi.
✅ Uchrashuv yakunida Olmazor tumani Kengashi deputatlari, hokimlik mas’ullari va mahalla faollari bilan hamkorlikni kuchaytirish, fuqarolar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar bilan manzilli ishlash hamda aniqlangan muammolar yuzasidan tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rish vazifalari belgilab olindi.
📱 Telegram 📱 Instagram 📱 Facebook 📱 YouTube 🔎 E-kengash