

AHOLI BILAN UCHRASHUVDA KO‘TARILGAN MUAMMO YUZASIDAN DEPUTAT SO‘ROVI YUBORILDI
AHOLI BILAN UCHRASHUVDA KO‘TARILGAN MUAMMO YUZASIDAN DEPUTAT SO‘ROVI YUBORILDI
✅ Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashi deputatlari tomonidan saylovchilar bilan uchrashuvlar davomida aholi murojaatlarini tinglash, hududlardagi mavjud muammolarni o‘rganish hamda ularni hal etish yuzasidan tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovlari yuborilmoqda.
Jumladan, Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashiga 15-“Beshkappa” saylov okrugidan saylangan deputat, tuman Kengashi kotibiyati mudiri Berdiqulova Mavluda Tojiddinovna tomonidan “Oybek” mahalla fuqarolar yig‘inining “Ziyolilar” ko‘chasida yashovchi aholi tomonidan elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar yuzasidan bildirilgan murojaatlar asosida deputatlik so‘rovi yuborildi.
🗣 Fuqarolarning murojaatlarida ko‘rsatilishicha, ko‘chadagi xonadonlarda elektr energiyasi kuchlanishining pastligi sababli maishiy texnikalardan foydalanishda qiyinchiliklar yuzaga kelmoqda. Ayniqsa, qish mavsumida elektr energiyasi iste’moli ortishi bilan bog‘liq xavotirlar va elektr jihozlarining ishdan chiqishi holatlari aholini tashvishga solmoqda.
🗣 Ma’lum qilinishicha, “Ziyolilar” ko‘chasiga elektr tarmog‘i qo‘shni “Beshkappa” MFY hududidan tortib kelingan. Ko‘chaning elektr tarmog‘i oxirida joylashgani sababli kuchlanish pasayishi kuzatilayotgani bildirilgan. Mazkur holat 60 dan ortiq oilaning elektr ta’minotini yaxshilash masalasini dolzarb qilib qo‘ymoqda.
⏺ 2026-yil 26-oktabrdagi 63-ds-485-26-sonli deputatlik so‘rovi Parkent tuman Elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i M. Mirxamidovga yuborildi.
🗣 Deputatlik so‘rovida “Ziyolilar” ko‘chasidagi elektr ta’minoti holatini joyiga chiqqan holda o‘rganish, kuchlanish pasayishining sabablarini aniqlash hamda muammoni bartaraf etish maqsadida qo‘shimcha transformator o‘rnatish yoki elektr ta’minotini yaxshilashga qaratilgan boshqa texnik yechimlarni ko‘rib chiqish so‘raldi.
📌 Shuningdek, amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar, ularni bajarish muddatlari va ko‘rilgan choralar natijalari yuzasidan asoslantirilgan yozma ma’lumot taqdim etish so‘ralgan.
➡️ Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashi aholi murojaatlari asosida mavjud muammolarni o‘rganish, ularni hal etish yuzasidan mas’ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovlarini yuborish va masalalar yechimi bo‘yicha deputatlik nazoratini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratadi.