










Deputatlar ko‘targan masala ijobiy yechim topdi, Xoja Porso qabristonida obodonlashtirish ishlari boshlandi
Aholi uchun munosib sharoitlar yaratish, hududlarda mavjud muammolarni bartaraf etish hamda Kengash qarorlari ijrosini ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Marg‘ilon shahridagi Xoja Porso qabristonida boshlangan obodonlashtirish ishlari ham deputatlik nazorati natijasida muammoning amaliy yechimiga erishilayotganini ko‘rsatadi.
Avvalroq Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi raisi O.Axmatshayev, Kengash kotibiyati mudiri A.Ermatov hamda tegishli doimiy komissiya a’zosi S.Azizov tomonidan 6-Xo‘japorso saylov okrugi hududidagi Xoja Porso qabristonining holati joyiga chiqib o‘rganilgan edi.
O‘rganish davomida qabriston hududida ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, ichki yo‘laklarni yaxshilash va ayrim qismlarni asfaltlashtirish zarurati aniqlangan. Mazkur masala yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqilib, uni amaliy hal etish choralari ko‘rildi.
Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 33-sessiyasida Xoja Porso qabristonidagi mavjud muammoni bartaraf etish masalasi muhokama qilinib, asfaltlash ishlarini amalga oshirish uchun mablag‘ ajratish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Bugungi kunda mazkur qaror ijrosi doirasida qabriston hududida asfaltlash, ma'muriy bino devorini yangilash ishlari boshlangan. Jarayon bilan tanishish maqsadida Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi raisi O.Axmatshayev, kotibiyat mudiri A.Ermatov, kotibiyat bosh mutaxassisi Z.Yakubova hamda shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i R.To‘xtasinov, Xoʻjaporso mahalla raisi hamrohligida joyiga chiqib, olib borilayotgan ishlarni o‘rgandilar.
Mas’ullar tomonidan ishlarning borishi, hududni obodonlashtirish va fuqarolar uchun qulay sharoitlarni ta’minlash masalalariga e’tibor qaratildi.
Asfaltlash ishlarining boshlangani qabriston xodimlari va fuqarolar tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olinmoqda. Ichki yo‘laklarning asfaltlanishi hudud bo‘ylab harakatlanish qulayligini oshirish, tashrif buyuruvchilar uchun munosib sharoit yaratish hamda qabriston hududining obodligini yaxshilashga xizmat qiladi.
Eng muhimi, muammo o‘rganish bosqichida qolib ketmadi — u Kengash sessiyasida muhokama qilindi, mablag‘ ajratish bo‘yicha qaror qabul qilindi va bugun uning amaliy ijrosi boshlandi.
Bu jarayon deputatlik nazoratining amaliy ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.
Xoja Porso qabristonida boshlangan asfaltlash ishlari aholi ehtiyojlariga e’tibor qaratish, Kengash qarorlari ijrosini ta’minlash hamda fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratish yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir.