Barcha yangiliklar
10-BOBUR SAYLOV OKRUGIDA HUQUQBUZARLIKLAR PROFILAKTIKASI O‘RGANILDI
Gallery image 275940
Gallery image 275941
Gallery image 275942
Gallery image 275943
Gallery image 275944
AKBAROVA NARGIZAXON QAXXOROVNA
26 Okt 2026
17:52

10-BOBUR SAYLOV OKRUGIDA HUQUQBUZARLIKLAR PROFILAKTIKASI O‘RGANILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–406-son qarori hamda Oliy Majlis Senati Kengashining KQ–35-V-son qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, mahalliy Kengash deputatlari faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan 24 ta tavsiya asosida hududlarda deputatlik o‘rganishlari davom ettirilmoqda.

Navbatdagi deputatlik o‘rganishi Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 10-Bobur saylov okrugi deputati E.Tursunqulov va Korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiya a’zosi, kotibiyat bosh mutaxassisi N.Akbarova tomonidan okrug hududidagi texnikumda profilaktika inspektori hamda xotin-qizlar faoli hamkorligida olib borildi.

O‘rganish davomida ta’lim muassasasida huquqbuzarliklarning oldini olish, yoshlar o‘rtasida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, o‘quvchi-yoshlar bilan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar, shuningdek, qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan ishlar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining 2010-yil 29-sentabrdagi O‘RQ–263-son “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonuni talablari ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur Qonunning 4-moddasida voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi, ularga sabab bo‘layotgan shart-sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish hamda voyaga yetmaganlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish asosiy vazifalar sifatida belgilangan. Qonunning 11-moddasida esa ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshiruvchi bo‘linmalari faoliyatiga oid vazifalar nazarda tutilgan.

Shu nuqtayi nazardan, profilaktika inspektori, xotin-qizlar faoli va ta’lim muassasasi mas’ullari o‘rtasidagi hamkorlik, yoshlar bilan individual ishlash, muammoli vaziyatlarni barvaqt aniqlash hamda huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Zero, yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish faqat nazorat bilan cheklanmaydi. Bunda ta’lim muassasasi, oila, mahalla va tegishli mutasaddi tashkilotlarning o‘zaro hamkorligi, yoshlarning muammolariga befarq bo‘lmaslik va ularni o‘z vaqtida hal etish muhimdir.

Deputatlik o‘rganishining asosiy maqsadi qonunchilik talablarining amaliy ijrosini baholash, profilaktik ishlarni yanada takomillashtirish hamda yoshlar uchun xavfsiz ta’lim muhitini mustahkamlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.