Barcha yangiliklar
Hokim yordamchisi faoliyati o‘rganildi
MAMASHUKUROV RAHMON ABDULAXAT O‘G‘LI
26 Okt 2026
17:30

Hokim yordamchisi faoliyati o‘rganildi

Aholini kambag‘allikdan chiqarish, bandligini ta’minlash va fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash borasida mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini o‘rganish deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.

Shu maqsadda, Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi kotibiyati mudiri, deputat A.Ashurov hamda kotibiyat bosh mutaxassisi R.Mamashukurov Kengashning 18-“Mehrobod” saylov okrugi deputati B.Xollozov okrugiga qarashli “Mehrobod” mahallasida bo‘lib, hokim yordamchisining bugungi kundagi faoliyati yuzasidan suhbat o‘tkazdilar.
O‘rganish jarayonida hokim yordamchisi tomonidan mahallada aholini kambag‘allikdan chiqarish, ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlash, aholi daromadlarini oshirish hamda ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan fikr almashildi.

Mazkur o‘rganish mahalliy Kengash deputatlari faoliyati uchun belgilangan “24 ta eng muhim yo‘nalish”ning 4-bandi — hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini, xususan, aholini kambag‘allikdan chiqarish borasidagi chora-tadbirlar holatini o‘rganish vazifasi doirasida tashkil etildi.

Ushbu yo‘nalishdagi o‘rganishlar orqali mahallalarda olib borilayotgan ishlar samaradorligini baholash, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularning yechimi yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratiladi.

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi — xalq manfaatlari yo‘lida, joylarda samarali deputatlik nazoratini ta’minlash tarafdori!