Barcha yangiliklar
Mehrobod mahallasidagi muammolar muhokama qilindi
MAMASHUKUROV RAHMON ABDULAXAT O‘G‘LI
26 Okt 2026
17:28

Mehrobod mahallasidagi muammolar muhokama qilindi

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi tomonidan mahallalarda mavjud muammolarni aniqlash, fuqarolar murojaatlarini o‘rganish hamda ularni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi raisi, deputat D.Normuradova, Kengash kotibiyati mudiri, deputat A.Ashurov hamda kotibiyat bosh mutaxassisi R.Mamashukurov Kengashning 18-“Mehrobod” saylov okrugi deputati B.Xollozov okrugiga qarashli “Mehrobod” mahallasida bo‘lib, mahalla faollari ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida mahallada mavjud muammolar va ularning yechimlari atroflicha muhokama qilindi.

Xususan, mahalla ichki yo‘llarining ta’mirtalab holati, ularni ta’mirlash va obodonlashtirish, shuningdek, boshqaruv servis kompaniyasi (BSK) faoliyatini samarali tashkil etish, ko‘p qavatli uy-joylarni saqlash va ularga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Mahalla faollari tomonidan bildirilgan fikr va takliflar tinglanib, mavjud muammolarni bartaraf etish, ularning yechimi bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda tegishli choralarni belgilash yuzasidan fikr almashildi.

Asosiy maqsad — mahalladagi dolzarb masalalarni joyida o‘rganish, fuqarolar manfaatlarini ta’minlash va aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishga ko‘maklashishdan iborat.

Bunday uchrashuvlar deputatlarning saylovchilar oldidagi mas’uliyatini oshirish, aholi bilan ochiq muloqotni mustahkamlash hamda mahallalardagi muammolarni tizimli hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.