

“Ijtimoiy reyestr”dagi oilalarga ko‘rsatilgan ko‘maklar hamda mahallada jinoyatchilik holati o‘rganildi
Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani Kengashining 2026-yilga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq Kengash raisi O.Babayev tomonidan tumanning “Pargos” mahallasida “Ijtimoiy himoya reyestri”ga kiritilgan oilalarga ko‘rsatilayotgan yordamlar hamda hududdagi jinoyatchilik holati yuzasidan o‘rganish o‘tkazildi.
🔻O‘rganish davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash, mavjud muammolarini aniqlash va ko‘rsatilayotgan ko‘maklarning manzilliligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mahallada “Ijtimoiy himoya reyestri”ga jami 77 ta oila kiritilgan. Shundan 16 tasi davlat ta’minotidagi oilalar, 44 tasi kambag‘al oilalar hamda 17 tasi kambag‘allik chegarasidagi oilalardan iborat.
🔻Mazkur oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda har bir xonadonning ehtiyojlarini alohida o‘rganish, mavjud muammolarni aniqlash va tegishli yordam choralarini manzilli tashkil etish muhim ahamiyatga ega. Ayniqsa, oilalarning ijtimoiy holatini yaxshilash, ehtiyojmand fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning turmush darajasini oshirishga qaratilgan ishlarni izchil davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
🔻Shuningdek, mahalladagi jinoyatchilik holati ham o‘rganildi. O‘rganish davomida hududda o‘rtacha og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyati sodir etilgani qayd etildi. Mazkur holat mahallada huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, fuqarolar o‘rtasidagi nizoli vaziyatlarni o‘z vaqtida aniqlash va ularning zo‘ravonlik bilan yakunlanishiga yo‘l qo‘ymaslik borasidagi profilaktik ishlarni kuchaytirish muhimligini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, aholi o‘rtasida qonunlarga hurmat, o‘zaro murosa va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish madaniyatini oshirishga qaratilgan tushuntirish ishlarini muntazam olib borish zarur.
🔻O‘rganish yakunida mas’ullarga “Ijtimoiy himoya reyestri”dagi oilalar bilan individual ishlashni davom ettirish, ularga ko‘rsatilayotgan ko‘maklarning samaradorligini nazorat qilish, shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish va jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha profilaktik tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan tavsiyalar berildi.