Barcha yangiliklar
Yoshlar maslahat guruhi faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi
MAMASHUKUROV RAHMON ABDULAXAT O‘G‘LI
24 Okt 2026
14:58

Yoshlar maslahat guruhi faoliyatini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi

Yurtimizda yoshlarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada mahalliy Kengashlar huzurida faoliyat yuritayotgan yoshlar maslahat guruhlarining o‘rni muhim ahamiyat kasb etadi.

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi kotibiyati mudiri, deputat A. Ashurov Kengash huzuridagi “Yoshlar maslahat” guruhi a’zolari ishtirokida ishchi yig‘ilish o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, bandligini ta’minlash hamda jamiyat hayotidagi faolligini oshirish borasida yaratilayotgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritildi.

Shuningdek, guruh a’zolariga O‘zbekiston Respublikasining 2016-yil 14-sentabrdagi O‘RQ-406-sonli “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi Qonunining mazmun-mohiyati, asosiy maqsadlari va amaliy ahamiyati tushuntirildi. Yoshlar bilan ishlashda qonunda belgilangan tamoyillarga rioya etish, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda mavjud muammolarga befarq bo‘lmaslik zarurligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda “Yoshlar maslahat” guruhi faoliyatini yanada takomillashtirish va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi. Jumladan:

Kengash faoliyatida yoshlar ishtirokini kuchaytirish. Guruh a’zolarining shahar Kengashi sessiyalari va doimiy komissiyalar yig‘ilishlarida faol qatnashishi, yoshlar hayotiga oid masalalar yuzasidan taklif va tashabbuslarni ilgari surishiga alohida e’tibor qaratish.

Yoshlar muammolarini manzilli o‘rganish. Deputatlarga biriktirilgan yoshlar, ayniqsa, ijtimoiy ko‘makka muhtoj va alohida e’tibor talab etadigan yoshlarning muammolarini o‘rganish, ularni hal etishda deputatlarga ko‘maklashish hamda “ustoz-shogird” an’anasi asosida uchrashuvlarni tashkil etish.

Yoshlar bandligi va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash. Yoshlarni axborot texnologiyalari, tadbirkorlik va hunarmandchilikka yo‘naltirish, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga qaratilgan amaliy loyihalarni ishlab chiqish.

Yoshlar tashabbuslarini Kengash minbariga olib chiqish. Tengdoshlarini qiynayotgan masalalarni tizimli ravishda o‘rganish, ularning yechimiga qaratilgan takliflarni shakllantirish va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirish choralarini ko‘rish.

Yig‘ilish yakunida “Yoshlar maslahat” guruhi a’zolarining har biri o‘ziga yuklatilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashishi, deputatlar bilan hamkorlikni mustahkamlashi va yoshlarning manfaatlarini ifoda etishda faol bo‘lishi lozimligi qayd etildi.

Zero, yoshlarning fikri, tashabbusi va amaliy ishtiroki mahalliy Kengashlar faoliyatini yangi g‘oyalar bilan boyitish, yoshlar muammolariga samarali yechim topish hamda shahar taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishda muhim ahamiyatga ega.