
Deputatlik nazorati: Ichki yo‘llar holati yuzasidan deputat so‘rovi yuborildi
“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 5 va 8-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 14-yanvardagi KQ-35-sonli qarori ijrosini ta’minlash doirasida hududlardagi mavjud muammolarni o‘rganish va ularning yechimi yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishiga erishish maqsadida deputatlik nazorati tadbirlari olib borilmoqda.
Shu doirada Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 8-“O‘zbekiston” saylov okrugida o‘tkazilgan nazorat-tahlil tadbiri davomida “O‘zbekiston” mahallasi J.Rumiy ko‘chasidagi ichki yo‘llarning holati o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida ko‘cha yo‘llarining asfalt qoplamasi eskirgani, yo‘lning ayrim qismlari ta’mirtalab ahvolga kelib qolgani aniqlandi. Mazkur holat, ayniqsa, yog‘ingarchilik kunlarida piyodalar va transport vositalarining harakatlanishiga noqulaylik tug‘dirib, fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Aniqlangan muammoni bartaraf etish maqsadida “8-O‘zbekiston” saylov okrugi deputati M.Ruziyeva tomonidan Termiz shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i A. Saribayev nomiga deputatlik so‘rovi yuborildi.
So‘rovda J.Rumiy ko‘chasidagi ichki yo‘llarni joriy yoki mukammal ta’mirlash, asfalt qoplamasini tiklash hamda hududni obodonlashtirish yuzasidan tegishli choralar ko‘rish so‘raldi.
Shuningdek, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda yozma ma’lumot taqdim etish so‘raldi.
Deputatlik nazorati davom etadi!
Hududlarda yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, fuqarolar uchun qulay va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish hamda aholi murojaatlarida ko‘tarilgan muammolarning amaliy yechimini ta’minlash deputatlik faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir.