
Elektr kuchlanishi bilan bog‘liq muammo deputatlik nazoratiga olindi
“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 5 va 8-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 14-yanvardagi KQ-35-sonli qarori ijrosi doirasida fuqarolar murojaatlarini joyida o‘rganish va aholini qiynayotgan muammolarni bartaraf etish yuzasidan deputatlik nazorati tadbirlari olib borilmoqda.
Shu doirada Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi raisi, 9-“Abdulla Avloniy” saylov okrugi deputati D.Normuradova tomonidan Termiz shahridagi “Turon” mahallasida joylashgan 8-sonli ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi fuqarolarning elektr energiyasi kuchlanishi bilan bog‘liq murojaati o‘rganildi.
Fuqarolarning ta’kidlashicha, xonadonlarda elektr kuchlanishining me’yoridan ortib ketishi va keskin o‘zgarishi maishiy elektr jihozlarining shikastlanishi, ishdan chiqishi hamda aholiga moddiy zarar yetishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur holat aholi turmush sharoitiga salbiy ta’sir ko‘rsatish bilan birga, elektr jihozlaridan xavfsiz foydalanish bilan bog‘liq muammolarni ham yuzaga keltirmoqda.
Mavjud muammoni bartaraf etish, uning kelib chiqish sabablarini aniqlash hamda aholini sifatli va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 9-“Abdulla Avloniy” saylov okrugi deputati D.Normuradova tomonidan Termiz shahar Elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Sh. Ochilov nomiga deputatlik so‘rovi yuborildi.
So‘rovda “Turon” mahallasidagi 8-sonli ko‘p qavatli uy elektr ta’minoti holatini joyiga chiqqan holda o‘rganish, elektr tarmoqlari va transformator uskunalarining texnik holatini tekshirish, kuchlanishdagi nomutanosiblik sabablarini aniqlash hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha zarur amaliy choralar ko‘rish so‘raldi.
Shuningdek, elektr kuchlanishini belgilangan me’yorlarga muvofiqlashtirish, kelgusida bunday holatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan asoslantirilgan yozma javob taqdim etish masalalari ham deputatlik so‘rovida belgilab qo‘yildi.
Deputatlik nazoratining asosiy maqsadi — fuqarolar murojaatlariga befarq bo‘lmaslik, mavjud muammolarni mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda hal etish hamda aholi uchun xavfsiz va qulay turmush sharoitini ta’minlashdan iborat.