Barcha yangiliklar
Aholining huquqiy himoyasi yo‘lida
MAMASHUKUROV RAHMON ABDULAXAT O‘G‘LI
24 Okt 2026
14:53

Aholining huquqiy himoyasi yo‘lida

Aholining huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda ularga bepul huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatish jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlashning muhim omillaridan biridir.

Shu maqsadda Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi kotibiyati mudiri A.Ashurov hamda kotibiyat bosh mutaxassisi R.Mamashukorovlar “Madad” nodavlat notijorat tashkilotining Termiz shahar huquqiy maslahat byurosiga tashrif buyurib, muassasaning faoliyati, fuqarolarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar hamda murojaatlar bilan ishlash jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
O‘rganish davomida bir qator muhim yo‘nalishlarga e’tibor qaratildi. Jumladan, aholiga, xususan, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga bepul huquqiy maslahat va amaliy yordam ko‘rsatish sifati, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarning mazmuni hamda ularni hal etish samaradorligi tahlil qilindi.

Shuningdek, uy-joy, oilaviy munosabatlar, mehnat huquqi, ijtimoiy nafaqalar va boshqa masalalarda fuqarolarga huquqiy ko‘mak berish holati, murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonunchilik talablariga rioya etilishi hamda zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Uchrashuvda aholining huquqiy muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, fuqarolarga malakali huquqiy yordam ko‘rsatish va murojaatlarni hal etishda tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirish masalalariga alohida urg‘u berildi.

Yakunida Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi hamda “Madad” NNT o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash muhimligi ta’kidlandi. Mazkur hamkorlik deputatlik o‘rganishlari va fuqarolar bilan uchrashuvlar davomida aniqlanayotgan huquqiy muammolarni tegishli tartibda o‘rganish, ularning qonuniy yechimini topishga ko‘maklashish hamda aholining huquq va manfaatlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.