
Deputatlik nazorati: Yaroqsiz chiqindi konteynerini almashtirish bo‘yicha deputat so‘rovi yuborildi
“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi Qonunning 5 va 8-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025-yil 14-yanvardagi KQ-35-sonli qarori ijrosi doirasida hududlarda mavjud muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf etish yuzasidan deputatlik nazorati tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Shu doirada Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining 22-“Majnuntol” saylov okrugi deputati tomonidan “Majnuntol” mahallasida joylashgan 6-sonli umumta’lim maktabi hududidagi sanitariya holati o‘rganildi.
O‘rganish davomida maktab hududiga o‘rnatilgan chiqindi konteyneri yaroqsiz holga kelib qolgani aniqlandi. Mazkur holat chiqindilarni belgilangan tartibda to‘plash, hudud tozaligini saqlash hamda sanitariya-gigiyena talablariga rioya etishda muayyan noqulayliklarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ta’lim muassasalarida tozalikni ta’minlash, o‘quvchilar va pedagog xodimlar uchun sog‘lom hamda xavfsiz muhit yaratish muhim ahamiyatga ega. Shu bois aniqlangan muammoni o‘z vaqtida bartaraf etish maqsadida 22-“Majnuntol” saylov okrugi deputati J.Xamroqulov tomonidan Termiz shahar “BIO TEXNO EKO” MCHJ bosh direktori I. Rasulovga deputatlik so‘rovi yuborildi.
Deputatlik so‘rovida 6-sonli umumta’lim maktabi hududidagi yaroqsiz chiqindi konteynerini yangisiga almashtirish yuzasidan tegishli amaliy choralar ko‘rish, shuningdek, amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar to‘g‘risida Kengash kotibiyatiga yozma axborot taqdim etish so‘raldi.
Deputatlik nazoratining asosiy maqsadi — hududlarda aniqlangan muammolarni o‘z vaqtida bartaraf etish, aholi uchun qulay va sanitariya talablariga javob beradigan muhit yaratish hamda fuqarolar manfaatlarini ta’minlashdan iborat.