Barcha yangiliklar
DEPUTATLIK SO‘ROVI NATIJASI: “SHAROF RASHIDOV” MAHALLASIDAGI PIYODALAR YO‘LAGI TA’MIRLANIB, YO‘L HARAKATI XAVFSIZLIGI BO‘YICHA AMALIY CHORALAR KO‘RILD
Gallery image 275584
YUSUBOV MUZAFFAR ALIMBAYEVICH
26 Okt 2026
12:21

DEPUTATLIK SO‘ROVI NATIJASI: “SHAROF RASHIDOV” MAHALLASIDAGI PIYODALAR YO‘LAGI TA’MIRLANIB, YO‘L HARAKATI XAVFSIZLIGI BO‘YICHA AMALIY CHORALAR KO‘RILD

#deputat_soʻrovi_javobi #poytaxtdeputatlari #deputatlik_faoliyati

❗️DEPUTATLIK SO‘ROVI NATIJASI: “SHAROF RASHIDOV” MAHALLASIDAGI PIYODALAR YO‘LAGI TA’MIRLANIB, YO‘L HARAKATI XAVFSIZLIGI BO‘YICHA AMALIY CHORALAR KO‘RILDI

🏛 Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Otabek Jiyanboyevning Mirobod tumani “Sharof Rashidov” mahallasidagi Chimkent ko‘chasi 2-uy oldida joylashgan piyodalar yo‘lagini kengaytirish va ta’mirlash yuzasidan yo‘llagan takroriy deputatlik so‘roviga Mirobod tumani hokimligi hamda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan rasmiy javoblar taqdim etildi.

📩 Avvalroq deputat Otabek Jiyanboyev tomonidan “Sharof Rashidov” mahallasi aholisining murojaatlari asosida Chimkent ko‘chasi 2-uy oldidagi piyodalar yo‘lagining torligi, asfalt qoplamasining holati hamda fuqarolarning xavfsiz va qulay harakatlanishi bilan bog‘liq muammolar yuzasidan deputatlik so‘rovi yuborilgan edi.

🔎 Takroriy deputatlik so‘rovi asosida 2026-yil 8-oktabr kuni Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi mas’ul xodimi Sh. Beknazarov tomonidan hududda qayta o‘rganish ishlari tashkil etilgan. O‘rganish davomida Chimkent ko‘chasi 2-uy yonidagi piyodalar yo‘lagining holati va amalga oshirilgan ta’mirlash ishlari ko‘zdan kechirilgan.

🛠 Rasmiy javobga ko‘ra, Chimkent ko‘chasi 2-uy binosining chap qismida joylashgan 20 metr uzunlikdagi piyodalar yo‘lagiga taxminan 1,5 metr kenglikda asfalt qoplamasi bilan ishlov berilgan. Natijada piyodalar yo‘lagining ustki qismi ta’mirlanib, fuqarolarning harakatlanishi uchun sharoit yaxshilangan.

📋 Shuningdek, piyodalar yo‘lagining mustahkamligini ta’minlash maqsadida Mirobod tumani Obodonlashtirish boshqarmasiga qo‘shimcha sement qoplamasi bilan ishlov berish yuzasidan ko‘rsatma-taklif berilgan. Rasmiy ma’lumotlarda trotuarning asosiy qismi tayyorlangani, sement bilan ishlov berish ishlari esa davom etayotgani bildirilgan.

🚦 Bundan tashqari, hududda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida Chimkent ko‘chasiga jami 5 ta yo‘l belgisi va 3 ta tayanch ustun o‘rnatilgan, mavjud 1 ta yo‘l belgisi esa boshqa joyga ko‘chirilgan. Xususan, 3 dona 3.27, 1 dona 7.2.3 hamda 1 dona 7.2.4 turidagi yo‘l belgilari o‘rnatilib, 2.4 turidagi yo‘l belgisining joylashuvi o‘zgartirilgan.

🏢 Shuningdek, Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi bosh direktori X. Qodirov tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnomada amalga oshirilgan ishlar batafsil bayon qilinib, piyodalar yo‘lagining ta’mirdan oldingi va keyingi holatini aks ettiruvchi fotosuratlar ham ilova qilingan.

📁 Shu tariqa, deputat Otabek Jiyanboyev tomonidan takroran ko‘tarilgan masala yuzasidan mutasaddi tashkilotlar tomonidan amaliy choralar ko‘rilib, 20 metr piyodalar yo‘lagining ustki qismi ta’mirlangan, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash uchun tegishli belgilar o‘rnatilgan hamda qo‘shimcha ta’mirlash ishlari davom ettirilmoqda.

🤝 “Sharof Rashidov” mahallasida piyodalar uchun xavfsiz va qulay harakatlanish sharoitlarini yaratish, Chimkent ko‘chasi 2-uy oldidagi piyodalar yo‘lagini ta’mirlash ishlarini to‘liq yakunlash hamda o‘rnatilgan yo‘l belgilarining samaradorligini ta’minlash bilan bog‘liq masalalar deputat Otabek Jiyanboyev tomonidan nazorat qilib boriladi.

📱 Telegram 📱 Instagram 📱 Facebook 📱 YouTube 🔎 E-kengash