






🏥 TIBBIYOT MUASSASALARINING KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIGI O‘RGANILDI
🏥 TIBBIYOT MUASSASALARINING KUZ-QISH MAVSUMIGA TAYYORGARLIGI O‘RGANILDI
Xalq deputatlari Namangan shahar Kengashi deputati, Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov tomonidan Namangan shahar tibbiyot birlashmasi hamda 2-sonli tug‘ruq kompleksining 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati o‘rganildi.
Mazkur o‘rganish mahalliy Kengash deputati faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha 11-tavsiya — kuz-qish mavsumida isitish tizimlarining holatini o‘rganish doirasida amalga oshirildi.
O‘rganish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-noyabrdagi 901-sonli “Aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg‘i mahsulotlaridan foydalanishda xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 8-aprelda 3809-son bilan ro‘yxatga olingan “Issiqlikdan foydalanuvchi qurilmalar va issiqlik tarmoqlarini ekspluatatsiya qilishda xavfsizlik texnikasi qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjati doirasidagi tegishli talablar o‘rganildi.
Shuningdek, tibbiyot muassasalarida isitish tizimlarining barqaror ishlashi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining uzluksiz faoliyati, mavjud shart-sharoitlarni yaxshilash hamda bemorlar va tibbiyot xodimlari uchun qulay muhit yaratish masalalariga e’tibor qaratildi.
O‘rganish yakunida aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, muhandislik-kommunikatsiya tizimlarining uzluksiz ishlashini ta’minlash va mavsumga tayyorgarlik ishlarini sifatli yakunlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hamda mavjud muammolarni tezkorlik bilan hal etish zarurligi ta’kidlandi.
Kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, tibbiyot muassasalarining uzluksiz faoliyatini ta’minlash va aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun zarur sharoitlarni yaratish deputatlik nazoratining muhim yo‘nalishlaridan biridir.