
PIYODALAR XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH YUZASIDAN DEPUTATLIK SO‘ROVI YUBORILDI
PIYODALAR XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH YUZASIDAN DEPUTATLIK SO‘ROVI YUBORILDI
Termiz tumanidagi Qo‘ng‘irot va At-Termiziy mahallalarini bog‘lovchi, temir yo‘l hamda mahalliy ahamiyatdagi avtomobil yo‘li kesishgan hududda piyodalar xavfsizligini ta’minlash masalasi yuzasidan fuqarolar murojaati kelib tushdi.
Mazkur yo‘ldan Qo‘ng‘irot mahallasida yashovchi 10 nafarga yaqin o‘quvchi At-Termiziy mahallasida joylashgan 22-sonli umumta’lim maktabiga qatnovi davomida har kuni foydalanadi. Hududda piyodalar o‘tish joyi va yo‘l belgilari mavjud bo‘lsa-da, ayrim transport vositalarining belgilangan tezlikdan yuqori harakatlanishi xavfsizlik choralarini kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan, mazkur hududda svetofor o‘rnatish yoki texnik imkoniyatlardan kelib chiqib, transport vositalari tezligini pasaytiruvchi sun’iy notekislik barpo etish masalasini ko‘rib chiqish hamda zarur choralarni belgilash yuzasidan tegishli mas’ullarga deputatlik so‘rovi yuborildi. Maqsad — piyodalar, ayniqsa, maktab o‘quvchilari xavfsizligini ta’minlash va ehtimoliy yo‘l-transport hodisalarining oldini olish.