Namangan shahrida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ichki ko‘chalar asfaltlanmoqda
“Tashabbusli byudjet” dasturining 2025-yilgi ikkinchi mavsumida eng ko‘p ovoz to‘plagan hududlarda amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Xususan, ushbu loyiha doirasida mahallalarning ichki ko‘chalarini asfaltlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Namangan shahridagi “Zarafshon” mahallasi aholisi o‘z hududidagi ko‘chalarni obodonlashtirish maqsadida “Tashabbusli byudjet” loyihasida faol ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Natijada ayni kunlarda mahallaning 3 kilometr uzunlikdagi ichki ko‘chalarida asfalt yotqizish ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Mazkur qurilish ishlari Namangan mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati davlat muassasasi buyurtmasi asosida pudratchi tashkilot — “Jobirbek” MChJ tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida “Zarafshon” mahallasi hududidagi Aksi asosiy ko‘chasi hamda yana uchta ichki ko‘cha to‘liq asfalt qoplamasi bilan ta’minlanadi.
Namangan shahar Kengashi deputati, shahar hokimi Ayubxon Kamolov mazkur ishlarning sifatli va belgilangan me’yorlarga amal qilgan holda olib borilish jarayoni bilan tanishdi. O‘rganish ishlari chog‘ida mahalla ahli bilan suhbatlashib, hududni obodonlashtirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.