Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi deputati A.Buriyev Xalq deputatlari Bekobod shahar Kengashi kotibiyati mudiri va shahar Kengashi deputati R.Qayumov hamrohligida hududlardagi mavjud muammolarni o‘rganish ishlarini olib bordi. Jumladan, “Sementchi” mahallasida joylashgan Toshkent viloyati suv sport turlariga ixtisoslashgan sport maktabi tasarrufidagi, hozirda Davlat aktivlari tomonidan auksionga qo‘yilgan bino holati o‘rganildi. Ta’kidlanishicha, mazkur maktabda hozirgi kunda 100 dan ortiq bolalar ikki bosqichda jismoniy mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanmoqda. Shu munosabat bilan deputat shahar hokimligi mutasaddilari bilan birgalikda obyektni shahar balansiga qaytarish masalasi yuzasidan fikr almashdi. Muammoning yechimi yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi va deputat o‘z vakolati doirasida masalani ijobiy hal etishga ko‘maklashishini ma’lum qildi.