35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Yangiliklar

Deputatlik nazorati doirasida “Turon” mahallasidagi ijtimoiy masalalar o‘rganildi

Navbatdagi o‘rganish ishlari deputatlik okrugiga qarashli “Turon” mahallasida amalga oshirildi. Unda Kengash raisi D.Normuradova hamda kotibiyat mudiri A.Ashurov ishtirok etib, mahalladagi ijtimoiy xodim bilan birgalikda fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar, ularning mazmun-mohiyati hamda hal etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni tahlil qildi.O‘rganish jarayonida ijtimoiy xodim tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, fuqarolarning ehtiyojlarini aniqlash, ularga tegishli ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish hamda murojaatlarning ijrosi yuzasidan olib borilayotgan faoliyat ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mahalladagi ijtimoiy holat, aholining bandligini ta’minlash, kam ta’minlangan va yordamga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv davomida ayrim murojaatlar bo‘yicha mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda amaliy choralar ko‘rish, muammolarni joyida o‘rganib, ularning yechimini ta’minlash bo‘yicha tegishli vazifalar belgilandi. Fuqarolarning murojaatlari faqatgina murojaat sifatida emas, balki hududdagi ijtimoiy muhitni yaxshilashga xizmat qiluvchi muhim taklif va tashabbuslar sifatida ko‘rib chiqilishi ta’kidlandi.
Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi tomonidan amalga oshirilayotgan bunday o‘rganishlar deputatlarning saylovchilar bilan yaqin ishlashini ta’minlash, aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish, muammolarni aniqlash hamda ularni samarali hal etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlar kelgusida ham davom ettirilib, har bir mahallada aholini qiynayotgan masalalarni o‘z vaqtida aniqlash va ijobiy hal etishga alohida e’tibor qaratiladi.