O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–406-son qarori, Oliy Majlis Senati Kengashining KQ–35-V-son qarori hamda mahalliy Kengash deputati faoliyatining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha belgilangan 24 ta tavsiya ijrosi doirasida Marg‘ilon shahrida deputatlik nazorati tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.
Navbatdagi o‘rganish Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi deputati, 25-Orolbo‘yi saylov okrugi deputati M. Abdurahmonova hamda deputatga biriktirilgan kotibiyat bosh mutaxassisi N. Akbarova tomonidan Orolbo‘yi mahallasida o‘tkazildi. Unda mahalla yoshlar yetakchisi O.Fozilovaning faoliyati, yoshlar bilan ishlash samaradorligi hamda ularning bandligini ta’minlash va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar o‘rganildi.
Orolbo‘yi mahallasida jami 5 684 nafar aholi istiqomat qiladi. Mahalladagi 886 ta xonadonda 1 550 ta oila yashaydi. 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni esa 1 147 nafarni tashkil etadi.
O‘rganish davomida yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi va bandligini ta’minlash yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Xususan, ehtiyojmand yoshlarning muammolarini hal etish maqsadida bir nafar yoshning kontrakt to‘lovi qoplab berilgan, yana bir nafar yosh uchun MPR to‘lovi amalga oshirilgan. Shuningdek, bir nafar yoshga chet tilini o‘rganishi uchun to‘lov mablag‘i ajratilgan, bir nafar yosh imtiyozli kredit olish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
Bundan tashqari, 5 nafar yosh kasb-hunarga o‘qitilib, ularning kelgusida bandligini ta’minlash uchun zarur ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga sharoit yaratilgan.
Mahalla yoshlarining sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish borasidagi ishlar ham e’tiborga molik. Jumladan, Orolbo‘yi mahallasi yoshlari 2026-yilgi DXX kubogining mini-futbol yo‘nalishida shaharda faxrli 3-o‘rinni egallagan.
O‘rganish yakunida yoshlar bilan ishlashda aniqlangan masalalar, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish, yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning ta’lim va kasb-hunarga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Deputatlik nazorati doirasidagi bunday o‘rganishlar yoshlar muammolarini manzilli aniqlash va ularni amaliy hal etish, mahallalarda yoshlar siyosatini samarali tashkil etish hamda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.