Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining Mahalliy budjet, tadbirkorlikni rivojlantirish va iqtisodiy islohotlar masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi, ekspert guruhi rahbari A.Mustafakulov hamda Kengash kotibiyati bosh mutaxassisi R.Mamashukurov Termiz shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i Sh.Kuvataliyev bilan uchrashib, shaharda bitiruvchilari oliy ta’lim muassasalariga kirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan umumta’lim maktablarida ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, pedagoglarning kasbiy mahoratini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tegishli qonun hujjatlari asosida ishlab chiqilgan savolnoma orqali o‘rganildi.
O‘rganish davomida Termiz shahrida 26 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, Prezident maktabi, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlari, nodavlat ta’lim muassasalari hamda “Kelajak markazi” faoliyat yuritayotgani, ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va mavjud ko‘rsatkichlar tahlil qilindi.
Bitiruvchilar natijasi: o‘sish bor, ammo tafovutlar ham mavjud
2025–2026-o‘quv yilida Termiz shahridagi maktablarni 3 008 nafar o‘quvchi tamomlagan. Ulardan 2 411 nafari oliy ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida qatnashgan, 1 353 nafari oliy ta’limning keyingi bosqichiga qabul qilingan. Davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilinganlar soni 918 nafarni tashkil etgan.
Shahardagi bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish bo‘yicha o‘rtacha bali 96,3 ballga yetgan. Bu avvalgi o‘quv yilidagi 84,17 ballga nisbatan 12,13 ball yuqori.
Maktablar kesimida esa natijalar bir xil emas. O‘rtacha kirish bali bo‘yicha 26-maktab — 111,72 ball, 9-maktab — 110,74 ball, 17-maktab — 101,66 ball, 1-maktab — 101,46 ball va 13-maktab — 100,46 ball natija qayd etgan.
Shu bilan birga, 2-maktabda o‘rtacha ko‘rsatkich 73,87 ballni, 14-maktabda esa 74,85 ballni tashkil etgan. Ayrim maktablarda davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingan bitiruvchilar ulushining pastligi ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha choralarni kuchaytirish zarurligini ko‘rsatmoqda.
Pedagoglar salohiyati va kasbiy rivojlanish — muhim omil
O‘rganishda pedagoglarning malaka toifalari, xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lishi hamda kasbiy mahoratini oshirish ishlari ham tahlil qilindi.
2026-yil sentabr holatiga ko‘ra, shaharda 2 954 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ularning 363 nafari oliy, 656 nafari birinchi, 745 nafari ikkinchi malaka toifasiga ega.
Shuningdek, 26 ta umumta’lim maktabida faoliyat yuritayotgan 2 822 nafar pedagogning 879 nafari xalqaro yoki milliy sertifikatlarga ega. “Kasbiy rivojlanish kuni” doirasida 259 nafar yetakchi o‘qituvchi, “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarida esa 2 346 nafar pedagog qamrab olingan.
Ushbu yo‘nalishda ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy salohiyatini oshirish va ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuvlarni keng joriy etish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Davomat va moddiy-texnik sharoitlar ham e’tiborda
Ma’lumotlarga ko‘ra, shahardagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilar davomatini nazorat qilish uchun Face ID qurilmalari o‘rnatilgan. Kunlik o‘rtacha davomat 98,7 foizni tashkil etmoqda. Maktablar tomonidan muntazam ravishda dars qoldiruvchi o‘quvchilar mavjud emasligi bildirilgan. Shuningdek, taqdim etilgan ma’lumotlarda moddiy-texnik baza bo‘yicha ehtiyoj yo‘qligi qayd etilgan.
Past natijali maktablar bilan ishlash kuchaytiriladi
Ta’lim natijalarini yaxshilash maqsadida yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan maktablar bilan natijasi past maktablar o‘rtasida tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. 2026-yil yakuniga qadar davlat oliy ta’lim muassasalariga qabul ko‘rsatkichini oshirish, 10 nafar xorijiy fan mutaxassisini jalb etish, 9-sinf bitiruvchilarini kasbiy ta’limga yo‘naltirish, maktab direktorlarining menejerlik salohiyatini rivojlantirish hamda 7 ta maktabning kompyuter sinflarini yangilash vazifalari belgilangan.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, kompyuter sinflarini yangilash ishlari 5 ta maktabda amalga oshirilgan, 3 nafar maktab direktori menejerlik sertifikati olish uchun o‘qishga yuborilgan.
O‘rganish natijalari navbatdagi sessiya kun tartibidagi masalani ko‘rib chiqishda muhim asos bo‘lib xizmat qiladi. Sessiyada ta’lim sifatini oshirish, past natija ko‘rsatayotgan maktablar faoliyatini yaxshilash, pedagoglarning kasbiy mahoratini rivojlantirish va bitiruvchilarni oliy ta’limga tayyorlash borasidagi vazifalar yuzasidan tegishli taklif hamda tavsiyalar muhokama qilinishi ko‘zda tutilgan.
Asosiy maqsad — har bir maktabda ta’lim sifati va o‘quvchilar bilimini oshirish, bitiruvchilarning keyingi ta’lim bosqichiga kirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda belgilangan vazifalar ijrosi ustidan samarali deputatlik nazoratini ta’minlash.