Deputatning xizmatdan tashqari vaqtdagi xulq-atvori va
kiyinish odobi
Xalq deputatlari viloyat, tuman va
shahar Kengashi deputatlarining Namunaviy odob-axloq qoidalari deputatning
nafaqat xizmat faoliyati davomida, balki xizmatdan tashqari vaqtda ham yuksak
odob-axloq me'yorlariga rioya etishini belgilaydi.
32-bandga ko‘ra, deputat xizmatdan
tashqari vaqtda deputatning yuksak nomiga dog‘ tushiradigan, o‘zining sha'ni,
qadr-qimmati va ishchanlik obro‘siga, shuningdek Kengash nufuziga putur
yetkazadigan hamda deputatlik vakolatlarini suiiste'mol qilish deb baholanishi
mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlardan tiyilishi lozim.
Jumladan, deputat:
Jamoat joylarida, shu jumladan kafe,
restoran va boshqa ko‘ngilochar maskanlarda o‘zini tutish qoidalariga rioya etishi;
Atrofdagilarning e'tiborini tortuvchi
ortiqcha yoki salbiy xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymasligi;
Dabdababozlik, shuhratparastlik,
guruhbozlik, maishatbozlik, ichkilikbozlik va boshqa salbiy illatlardan yiroq
bo‘lishi;
Jamoat tartibi va xavfsizligiga zid
harakatlarni sodir etmasligi hamda boshqalarni noqonuniy xatti-harakatlarga
undamasligi shart.
Shuningdek, deputat shaxsiy
munosabatlarda kamtar, halol, xushmuomala bo‘lishi, fuqarolar va hamkasblar
bilan muloqotda hurmat tamoyillariga amal qilishi hamda hech kimga nisbatan
qo‘pol munosabatda bo‘lmasligi lozim.
33-bandga muvofiq, kundalik turmushda
odob normalariga rioya etish deputat odob-axloq qoidalarining ajralmas qismi
hisoblanadi.
Deputat kiyinish madaniyatida sipolik va
kamtarlikni namoyon etishi, ayniqsa deputatlik vakolatlarini amalga oshirish
chog‘ida o‘ta dabdabali kiyim-bosh kiymasligi, ortiqcha bezaklar va e'tiborni
tortuvchi aksessuarlardan foydalanmasligi tavsiya etiladi.