Hisobotda qayd etilishicha, 2026-yil bahor mavsumida tumanda 512 ming 340 tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, 16,8 gektar maydonda yangi yashil hududlar tashkil etilgan. Shu bilan birga, atrof-muhitni muhofaza qilish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida atmosferaga chiqarilayotgan zararli chiqindilar sezilarli darajada, ya’ni 99 foizga kamaytirilgan.Tuman hududida ekologik nazoratni kuchaytirish maqsadida 2026-yilning birinchi choragida 82 ta reyd tadbirlari o‘tkazilib, 56 ta qonunbuzilish holati aniqlangan va tegishli choralar ko‘rilgan. Sanitariya tozalash xizmatlari ham kengaytirilib, “Toza hudud” davlat muassasasi tomonidan 47 mingdan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatilib, qamrov darajasi 77,9 foizga yetkazilgan.Yig‘ilish davomida yirik sanoat korxonalarida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini joriy etish, ekologik monitoring tizimini kuchaytirish hamda chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.Muhokamalar yakunida mas’ul tashkilotlar faoliyati qoniqarli deb baholanib, daraxt ko‘chatlarini parvarishlash va sug‘orish ishlarini tizimli tashkil etish, ekologik reydlarni muntazam davom ettirish, noqonuniy chiqindi tashlash va atrof-muhitni ifloslantirish holatlariga qarshi keskin choralar ko‘rish hamda aholining ekologik madaniyatini oshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.Mazkur qaror tumanda ekologik barqarorlikni ta’minlash, yashil hududlarni kengaytirish va aholiga qulay ekologik muhit yaratishga xizmat qiladi.