Yurtimizda keksa avlod vakillarini e’zozlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil amalga oshirilmoqda. Bu boradagi amaliy ishlar Zomin tumanida ham o‘zining yorqin ifodasini topmoqda.
Xususan, tuman “Nuroniylar maskani”da keksa avlod vakillarining bo‘sh vaqtlarini mazmunli, samarali va faol tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan. Maskanda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, qulay muhit hamda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar nuroniylarning vaqtini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qilmoqda.
Mazkur maskan nuroniylar uchun nafaqat hordiq chiqarish joyi, balki o‘zaro muloqot, hayotiy tajriba almashish, yosh avlodga ibrat bo‘ladigan suhbatlar olib boriladigan maskanga aylangan. Bu yerda o‘tkazilayotgan turli uchrashuvlar va davra suhbatlari ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirmoqda.
Nuroniylar yaratilgan shart-sharoitlardan unumli foydalanib, bo‘sh vaqtlarining aksariyat qismini aynan shu maskanda o‘tkazmoqda. Ular davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanliklarini bildirib, yurtimizda hukm surayotgan tinch va osoyishta hayot uchun doimo shukronalik izhor etib kelmoqdalar.
Darhaqiqat, nuroniylar — jamiyatimizning bebaho boyligi, ma’naviy tayanchi hisoblanadi. Ularni e’zozlash, hurmat qilish va munosib e’tibor qaratish esa har birimizning muqaddas burchimizdir.