Xalq deputatlari Chinoz tumani Kengashi deputatlari, doimiy komissiya raisi R. Fozilova hamda komissiya a’zosi M. Mirsodiqovlar tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limida bo‘lib, yettinchi bosqich “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan chora-tadbirlar ijrosi holatini o‘rgandilar.
O‘rganish jarayonida mazkur bosqich doirasida xotin-qizlarni “Ayollar daftari”ga kiritish ishlari 2025-yil 11-fevral sanasidan boshlanganligi hamda 23-fevral kuni to‘liq yakunlanganligi ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yettinchi bosqich yakunlari bo‘yicha jami 4259 nafar xotin-qizlar “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan. Ularning muammolarini hal etish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, bandligini ta’minlash va turmush sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olingan.
Deputatlar tomonidan o‘rganish davomida ro‘yxatga kiritilgan xotin-qizlar bilan manzilli ishlash, ularning ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy muammolarini bartaraf etish borasida olib borilayotgan ishlar tahlil qilinib, mas’ullarga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.