Yangiliklar

#96_ta_qonun Qoradaryo bo‘yida ekologik nazorat: qonun ijrosi o‘rganildi

Xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashi deputati J.Mavlyanov tomonidan tuman hududidan oqib o‘tuvchi Qoradaryo daryosi bo‘yida nazorat tadbirlari olib borish jarayonida O‘zbekiston Respublikasining 2013-yil 27-dekabrdagi “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi O‘RQ-903-sonli Qonuni ijrosi o‘rganildi. Mazkur jarayonda Ishtixon tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimlari hamda Samarqand viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi ekopolitsiya tezkor xodimlari bilan hamkorlikda ish olib borildi.

O‘rganishlar davomida mazkur qonunning asosiy maqsadi — ekologik nazorat sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga qaratilgan normalarning amaldagi ijrosi tahlil qilindi.

Nazorat tadbirlari jarayonida ekologik nazoratning asosiy vazifalari — atrof-muhitga zarar yetkazilishining oldini olish, uni aniqlash va bartaraf etish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, shuningdek fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘i uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan omillarni aniqlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, atrof-muhit holatini monitoring qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ekologik xavflarni prognozlash ishlari ham tahlil qilindi.

Bundan tashqari, ekologik nazorat subyektlari — davlat organlari, mahalliy hokimiyat, xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda jamoatchilikning o‘zaro hamkorligi, ularning vakolatlari va mas’uliyati doirasidagi faoliyati ham o‘rganildi. Ekologik nazoratning davlat, idoraviy, ishlab chiqarish va jamoatchilik turlari asosida olib borilayotgan ishlar samaradorligiga baho berildi.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, hududda ekologik nazoratni yanada kuchaytirish, qonunchilik talablariga to‘liq rioya etilishini ta’minlash, shuningdek aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tizimli choralar ko‘rish zarur. Ayniqsa, atrof-muhitni muhofaza qilish, daryo bo‘ylarining sanitariya holatini yaxshilash va noqonuniy faoliyatlarning oldini olish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Qoradaryo daryosi bo‘yida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari ekologik nazorat tizimini yanada takomillashtirish, mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish hamda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish orqali atrof-muhitni asrashga xizmat qiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:

Telegramm (https://t.me/Ishtixon_tuman_Kengashi) | Web-sayt (https://kengash.gov.uz/ishtixon) | Facebook (https://www.facebook.com/share/1Aq9YsjUr2/) | Instagram (https://www.instagram.com/ishtixontumanikengashi?utm_source=qr&igsh=ZDZ4YjJvd3k3aGp2)

Slide 1 of 5