Yangiliklar

Tadbirkorlik uchun muhim qadam

 Mamlakatimiz iqtisodiyotida tadbirkorlik sohasi rivoji, jozibali biznes muhitini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Xususiy sektor faoliyatining kengaytirilishi aholi turmush farovonligini taʼminlabgina qolmay, bandlikni taʼminlashda ham asosiy mezon hisoblanadi. Davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlik uchun yaratib berayotgan qulay muhit esa ishbilarmonlik yoʻlidagi koʻplab muammolar yechimiga xizmat qilayotir. Eng
muhimi, bu jarayon izchil davom etib, muammolar bosqichma-bosqich bartaraf qilinmoqda.
 

  Davlatimiz rahbarining soha xodimlari bilan oʻtkazgan joriy yilgi anʼanaviy ochiq muloqoti davomida tadbirkor va ishbilarmonlarni qoʻllab-quvvatlash haqida bildirilgan fikrlar, ilgari surilgan gʻoya va takliflar, yangi ish oʻrinlarini yaratib odamlarni daromadli qilishga, kambagʻallikni qisqartirishga qattiq bel bogʻlagan peshqadam tadbirkorlar shaʼniga aytilgan eʼtiroflar barcha tadbirkorlarga katta
mamnuniyat bagʻishladi.
  

Uchrashuvda tadbirkorlarni qiynayotgan muammolar muhokama qilindi, ularni hal etish boʻyicha aniq vazifalar belgilandi. Jarayonda nafaqat muammolar tinglandi, balki ularning yechimlari uchun yangi tashabbus va imkoniyatlar eshigi ochildi. Bu oddiy yigʻilish emas, balki “yangi iqtisodiy muloqot madaniyati”ning yorqin namunasi boʻldi. Eng asosiysi, muloqot davlat va biznes oʻrtasidagi munosabat “buyruq – bajarish”dan “hamkorlik – taraqqiyot” darajasiga koʻtarilayotganini koʻrsatdi. U tadbirkorlarga ishonch, jamiyatga esa yangi iqtisodiy umid bagʻishladi. 

Taʼkidlash joiz, Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqot shaklidagi ilk uchrashuvi 2021-yil 20-avgust kuni oʻtkazilgan edi. Oʻsha uchrashuvda davlatimiz rahbari bunday tadbirni har yili oʻtkazish va 20-avgustni Tadbirkorlar kuni deb eʼlon qilishni taklif qilgandi. Shundan buyon uchrashuvlar anʼanaviy ravishda oʻtkazib kelinayotgani, ularda tadbirkorlarni oʻylantirayotgan masalalar muhokama qilinayotgani va ular
bilan maslahatlashilgan holda qarorlar qabul qilinayotgani Prezidentimizning tadbirkorlik sohasiga qaratayotgan eʼtibori ifodasi, albatta.
 

Darhaqiqat, soʻnggi yillarda oʻzaro ishonch asosida boshlangan islohotlar samarasi oʻlaroq, tadbirkorlar bilan yelkama-yelka turib, doim muloqotda boʻlib ishlash asnosida sohada ulkan yuksalishlarga erishildi. Bu yuksalishlarni tadbirkorlik subyektlari sonining oshib borayotgani, milliy iqtisodiyotimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ulushining ortayotgani, ichki bozor raqobatbardosh va sifatli tovarlar bilan toʻldirilayotgani, zamon talablarini inobatga olgan holda xizmatlar koʻrsatish sohasining kengayishi, eksport tarkibida jahon bozorlarida xaridorgir, yuqori qiymatga ega mahsulotlar koʻpayishi, yangi ish oʻrinlarining yaratilishi va shu asosda aholi daromadi hamda farovonligi oshib, mamlakatimiz xalqaro reytingda yuqori pogʻonalarga erishayotgani misolida koʻrishimiz mumkin. 

Ortga nazar tashlasak, ilgari kredit, bozor topish, infratuzilma bilan bogʻliq muammolar, tinimsiz “tekshir-tekshirlar” sababli aksariyat endi ish boshlagan tadbirkorlar faoliyati birinchi yilning oʻzidayoq toʻxtab qolar edi. Bugungi kunga kelib, yaratilayotgan imkoniyatlar bois uch yildan ortiq ishlayotgan korxonalar soni ortib boryapti. Aniqroq aytganda, tadbirkorlik sohasi “soyadan chiqib”, qonuniy faoliyat, sogʻlom raqobat yoʻliga oʻtmoqda.  

Jumladan, viloyatimizda ham tadbirkorlarning iqtisodiyotimiz rivojidagi ulushi ortib bormoqda. Bundan 7 yil avval yalpi hududiy mahsulot hajmi 19,5 trillion soʻmni tashkil qilgan boʻlsa, bugungi kunda bu koʻrsatkich 71,5 trillion soʻmni tashkil qilib, 3,7 barobar oʻsishga erishildi. Shundan kichik biznesning ulushi 51,1 trillion soʻmni yoki 73 foizni tashkil etdi. Shu bilan birga, bugungi kunda viloyatda kichik biznesning ulushi sanoatda 41
foizni, chakana savdoda 91 foizni, xizmat koʻrsatishda 68,4 foizni, qurilishda 42,5 foizni hamda qishloq xoʻjaligida 96,4 foizni tashkil etmoqda. Viloyatda eksportning 100 foizi aynan tadbirkorlar tomonidan amalga oshirilmoqda.
 

Oʻtgan davrda tadbirkorlik subyektlarining soni 13 ming 646 tadan 37 ming 608 taga yetib, 2,8 baravarga oshdi. Ular tomonidan 2017-yil yakuni bilan 20 ming 551 ta yangi ish oʻrni yaratilgan boʻlsa, joriy yilning yarim yilligida 105,2 ming yoki 5 baravardan ortiq yangi ish oʻrni tashkil etilib, aholi bandligi taʼminlandi. Bu koʻrsatkichlar shunchaki raqam emas, ular sohadagi islohotlar va tadbirkorlarimizning turli moliyaviy qiyinchiliklarni yengib oʻtib, muvaffaqiyatlar tomon ildamlayotgani natijasidir. 

Bugun viloyatda 8,5 mingdan ziyod xotin-qiz, 4 mingga yaqin yoshlar tadbirkorlik bilan shugʻullanib, vatanimiz ravnaqiga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgani esa bizning eng muhim yutugʻimizdir. Zero, davlatimiz rahbari tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga tatbiq qilinayotgan har bir tashabbus zamirida tadbirkor yoshlarga madadkorlik maqsadi mujassamdir. 

Yana bir muhim jihat, turizm mamlakatimiz iqtisodiyotining muhim drayverlaridan biri ekanligi hisobga olinib, Prezidentimiz oʻz nutqida bu masalaga ham alohida urgʻu berdi. Aynan shu sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar belgilanganligi xorijiy va mahalliy sayyohlarga koʻrsatiladigan xizmatlar sifatini oshirishga samarali taʼmir koʻrsatadi. Ayniqsa, kelgusi 3 yilda mehmonxona va turizm maskanlari tashkil qilish uchun yer maydonlarining auksionga chiqarilishi, 2026-yil 1-yanvardan boshlab kichik subyektlar uchun turistik
yigʻimning bekor qilinishi, oilaviy mehmon uylarining sayyohlarni qabul qilishi boʻyicha kunlik meʼyori 2 karraga koʻpaytirilishi ana shunday imtiyozlar sirasiga kiradi. Shuningdek, kelgusi yildan davlat aktivlari tadbirkorlarga 5 yilga ijaraga beriladi, 2026–2028-yillarda mehmonxona qurish uchun imtiyozli kredit ajratiladi. Ana shu muhlat ichida ilgʻor mehmonxonalar ragʻbatlantirib boriladi. Yirik turistik maskanlar soni koʻpaytiriladi. Bu esa sohaning barcha xodimlarini oʻz faoliyatlarida yangi marralarga erishishlariga imkon yaratadi.
 

Muxtasar aytganda, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan ustuvor maqsad va vazifalar hech shubhasiz mamlakatimiz iqtisodiyotining asosiy
drayveri boʻlmish tadbirkorlik sohasini rivojlantirish imkonini berishi bilan bir qatorda, aholi turmush farovonligi, yurtimiz taraqqiyoti, turizm rivojida
muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birgalikda, bu boradagi izchil faoliyat natijasida kambagʻallikni tamomila tugatishda muhim mezon hisoblangan fuqarolar bandligini taʼminlash imkoniyatlari yanada oshadi.
 

Sherzod RAХMONOV,

xalq deputatlari viloyat Kengashi
kotibiyati
mudiri, viloyat Kengashi deputati

Slide 1 of 1