Tashrifning birinchi kunida delegatsiya a’zolari kunning birinchi yarmida Andijon shahar hokimligida bo‘lib, xXalq deputatlari Andijon shahar Kengashining 2024-yilda amalga oshirgan ishlari, Kengash kotibiyatining hujjat yuritish tartibi hamda deputatlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Ushbu uchrashuvda Andijon shahar hokimi hamda Kengash kotibiyati mudiri mehmonlarga keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi.
Kunning ikkinchi yarmida esa Ijtimoiy himoya milliy agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i boshchiligida Toshkent shahar delegatsiyasi “Bolalar shaharchasi” faoliyati bilan tanishtirildi. Delegatsiya a’zolari bu yerda yaratilgan shart-sharoitlar, ta’lim-tarbiya muhitlari, ijtimoiy xizmatlar va infratuzilmaning holati bilan bevosita tanishib, bu boradagi ilg‘or amaliyotlarni yuqori baholadilar.
Uchrashuvlar davomida delegatsiya a’zolari Andijon shahridagi hamkasblari bilan mahalliy vakillik organlari va ijro hokimiyati o‘rtasidagi hamkorlik, muammolarni joyida hal etish, deputatlik nazoratining ta’sirchanligini oshirish kabi yo‘nalishlarda fikr almashdilar.