Aholi bandligini ta’minlash, oilalarni kambag‘allikdan chiqarish va tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash — mahallalarda olib borilayotgan islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan. Bu borada hokim yordamchisining faoliyati va erishilayotgan natijalar deputatlik nazorati doirasida o‘rganilmoqda.
Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi R.Mamashukurov hamda Kengashning 17-“Surxon sohili” saylov okrugi deputati B.Rahmatullayev tomonidan “Surxon sohili” mahallasida hokim yordamchisining amaliy faoliyati bilan tanishish va amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini tahlil qilish maqsadida o‘rganish o‘tkazildi.
Mazkur tadbir mahalliy Kengash deputatlari faoliyati uchun belgilangan “24 ta eng muhim yo‘nalish”ning 4-bandi doirasida tashkil etilib, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘RQ–328-sonli Qonun talablarining amaliy ijrosi yuzasidan tahlil olib borildi.
O‘rganish davomida quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratildi:
🔹 Kambag‘allikni qisqartirish — ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularning daromadlarini oshirish bo‘yicha manzilli ishlar;
🔹 Aholi bandligi — ishsiz fuqarolarni doimiy ish va daromad manbalari bilan ta’minlash choralari;
🔹 Tadbirkorlikni rivojlantirish — o‘z biznesini boshlash istagidagi fuqarolarni kredit, subsidiya va boshqa davlat dasturlariga yo‘naltirish;
🔹 Yangi ish o‘rinlari yaratish — oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va mavjud iqtisodiy imkoniyatlardan samarali foydalanish;
🔹 Xonadonbay ishlash tizimi — fuqarolar muammolarini joyida o‘rganish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va amalga oshirilayotgan choralarning natijadorligini baholash.
Shuningdek, mahallaning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish, aholi daromadlarini oshirish hamda tadbirkorlik faoliyatini boshlash va kengaytirish istagidagi fuqarolarga amaliy ko‘mak berish masalalari yuzasidan fikr almashildi. Aniqlangan masalalar bo‘yicha tegishli tavsiya va takliflar bildirildi.
O‘rganish natijalari mahalladagi iqtisodiy faollikni oshirish, hokim yordamchisi faoliyatining samaradorligini baholash va aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha keyingi vazifalarni belgilashga xizmat qiladi.
Aholi bandligi va daromadlarini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish hamda kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan ishlar deputatlik nazorati doirasida izchil davom ettiriladi.