Yangiliklar

Saxovatpesha tadbirkor deputat o'n nafar ehtiyojmand bolaga madadkor bo'ldi

Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun! Mustaqilligimizning 34 yillik bayrami shukuhi esayotgan shu kunlarda surxondaryolik saxovatpesha tadbirkor, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Hayitali Allamurodov Muzrabot tumanidagi “Turkiston” tantanalar saroyida ijtimoiy ko'makka muhtoj, kam ta'minlangan oilalarda voyaga yetayotgan o'n nafar bolajonning sunnat to'yini o'tkazib berdi.

Tadbirda to'y bolalarning ota-onalari, qarindosh-urug'lari, mahalla faollari, mehnat faxriylari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tuman hokimi A.Mamatqulov sunnat to'ylari o'tkazilayotgan bolajonlar va ularning ota-onalarini eng ulug', eng aziz bayram va fayzli oqshom bilan tabrikladi. Mamlakatimizda ehtiyojmand oilalarni qo'llab-quvvatlash, kambag'allikni qisqartirish, ijtimoiy ro'yxatdagi fuqarolarni doimiy daromad manbai bilan ta'minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ezgu ishlar haqida atroflicha so'z yuritdi. To'y bolalarning kelajakda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo'shadigan insonlar bo'lib kamol topishiga ishonch bildirdi.  

To'kin dasturxon atrofidagi serfayz davrada nuroniylar el-yurtga tinchlik-xotirjamlik, Vatanimizga obodlik, xalqimizga farovonlik va yosh avlodga baxtu kamol tilab, duoga qo'l ochdi. To'y bolalarning har biriga bosh-oyoq sarpo, velosiped va boshqa sovg'alar topshirildi.  

El suygan san'atkorlarning kuy-qo'shiqlari tadbirga o'zgacha fayz, bolajonlar va ularning yaqinlariga bir olam zavq bag'ishladi.

Slide 1 of 3