Deputatlar dehqon bozoridagi narx-navolar holatini o‘rgandilar
Har bir fuqaroning kundalik turmush tarzida oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan
ehtiyoji eng asosiy masalalardan biri sanaladi. Shuni inobatga olgan holda, xalq
deputatlari Quva tuman Kengashi deputatlari tuman “Markaziy dehqon bozori”da o‘rganish
tadbirlarini amalga oshirdilar. Tadbir doirasida deputatlar bozorda sotilayotgan
asosiy oziq-ovqat mahsulotlari – kartoshka, piyoz, go‘sht, yog‘, un, go‘sht mahsulotlari,
poliz va sabzavotlar kabi turlarning narxini, sifatini, kelib chiqish manbasini
atroflicha o‘rgandilar.
O‘rganish jarayonida nafaqat sotuvchilar, balki xaridorlar bilan ham suhbatlar
tashkil etildi. Aholi va tadbirkorlarning fikr-mulohazalari tinglandi, bozor infratuzilmasi
va savdo madaniyati, sanitariya holati yuzasidan aniqlangan kamchiliklar yuzasidan
tushuntirish ishlari olib borildi.
Deputatlar o‘z o‘rganishlari asosida ushbu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf
etish, narxlarni sun’iy oshirish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik va tadbirkorlar uchun
qulay shart-sharoitlar yaratish yuzasidan taklif va tavsiyalarni tuzib chiqdilar
va tegishli mutasaddi tashkilotlarga yo‘lladilar.
Shu bilan birga, deputatlar tomonidan narx-navolarning barqarorligi va aholini
asosiy oziq-ovqat mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha tizimli monitoring
ishlarini davom ettirish maqsad qilingan.