NAVBATDAGI SESSIYA MASALASI YUZASIDAN O‘RGANISH ISHLARI OLIB BORILDI.
Xalq deputatlari Angor tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritilgan “Angor tumani hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi (Axborot xizmati rahbari) hisoboti to‘g‘risida”gi masala yuzasidan 18-Yangi turmush saylov okrugi deputati Yuldasheva Sevara tomonidan hududda o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish davomida mahalla hududidagi savdo va xizmat ko‘rsatish maskanlari, ko‘cha nomlari belgilarining imlo qoidalariga muvofiqligi, tashqi yozuvlar hamda reklama vositalarida davlat tilidan foydalanish holati ko‘zdan kechirildi.
Shuningdek, davlat tiliga oid qonunchilik talablariga rioya etilishi, aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan tashqi yozuvlarning adabiy til me’yorlari asosida rasmiylashtirilishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash joizki, davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchining asosiy vazifalaridan biri ko‘chalardagi tashqi yozuvlar, peshlavhalar va reklamalarning davlat tilida hamda imlo qoidalariga muvofiq bo‘lishini ta’minlashdan iboratdir.
Mazkur o‘rganish natijalari umumlashtirilib, navbatdagi sessiyada ko‘rib chiqiladigan masala yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar shakllantiriladi.