Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani Kengashining 2026-yilga mo‘ljallangan Ish rejasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 21-apreldagi PF-71-son Farmoniga asosan tuman Obodonlashtirish boshqarmasida korrupsiyaga qarshi kurashish va korrupsiyaviy omillarni oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar Kengashning Korrupsiyaga qarshi kurashish, davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash va huquqiy masalalar boʻyicha doimiy komissiyasi a’zolari M.Mirabdullayev, M.Aynashova, kotibiyat mudiri J.Sadirov va kotibiyat xodimi N.Kurganova tomonlaridan o‘rganildi.
🔺O‘rganish jarayonida boshqarmada korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimining joriy etilishi, xodimlarning mazkur yo‘nalishdagi huquqiy bilimlari, profilaktik tadbirlarning tashkil etilishi hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan ishlar tahlil qilindi. Tahlillar davomida bir qator kamchilik va muammolar mavjudligi aniqlandi. Xususan, boshqarmada korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmaganligi, ushbu sohada belgilangan vazifalar va talablar bo‘yicha xodimlarning to‘liq tanishtirilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
🔺Shuningdek, ishga yangi qabul qilinayotgan xodimlar bilan xizmat odobi qoidalariga rioya qilish bo‘yicha dastlabki instruktajlar o‘tkazilgan, biroq korrupsiyaning oldini olish, va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik masalalari bo‘yicha tanishtiruv tashkil etilmaganligi qayd etildi. Bu esa xodimlarning korrupsiyaga qarshi qonunchilik talablari bo‘yicha xabardorlik darajasini oshirish ishlarida kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatadi.
🔺Bundan tashqari, boshqarma ma’muriy binosida korrupsiyaga qarshi kurashishga oid ko‘rgazmali targ‘ibot materiallari, plakatlar, axborot stendlari hamda murojaat qilish tartiblari aks ettirilgan ma’lumotlar joylashtirilmaganligi aniqlandi. Xususan, binoning kirish qismi, yo‘laklar va xizmat xonalarida xodimlar hamda fuqarolar uchun mo‘ljallangan profilaktik va tushuntirish materiallari mavjud emasligi kuzatildi.
🔺O‘rganish yakunida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, barcha xodimlarni korrupsiyaga qarshi qonunchilik talablari bilan tanishtirish, yangi ishga qabul qilinayotgan xodimlar uchun majburiy instruktaj tizimini yo‘lga qo‘yish hamda boshqarma binosida zarur targ‘ibot va axborot materiallarini joylashtirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli tavsiya va takliflar berildi.
🔺Deputatlar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi monitoring tadbirlari davom ettirilishi ta’kidlandi.