Payariq tumanida yoshlar tarbiyasi, ularning ma'naviy olamini boyitish va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida voyaga yetkazish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Ana shunday ezgu maqsad yo‘lida, Xalq deputatlari Payariq tumani Kengashi deputati Fotima Dehqonova boshchiligida 79-umumta’lim maktabida “Yangi avlod – yangi tafakkur, yangi maqsad” shiori ostida navbatdagi ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Bugungi global axborot oqimida yoshlar ongini turli g‘oya va qarashlar egallab olayotgan bir paytda, ularni o‘zlikni anglash, o‘z tarixiga, madaniyatiga va urf-odatlariga hurmat ruhida tarbiyalash muhim vazifalardan biridir. Shunday sharoitda “Yangi avlod – yangi tafakkur, yangi maqsad” degan yondashuv nihoyatda dolzarb va hayotiy ahamiyatga ega.
Fotima Dehqonova kabi deputatlarning ta’lim muassasalarida o‘tkazayotgan bunday amaliy ishlari xalq vakili sifatidagi faoliyati, jamiyat oldidagi mas’uliyatini chuqur anglashidan dalolatdir. Zero, yosh avlod tarbiyasi – bu jamiyatning kelajagini belgilovchi asosiy omildir.