Har yili mamlakatimizda 9-may kuni "Xotira va qadrlash kuni" sifatida keng nishonlanadi. Bu sana yurtimiz ozodligi, tinchligi va ravnaqi yo‘lida fidokorona xizmat qilgan, urush maydonida va front ortida mashaqqatli mehnat qilgan insonlarga bo‘lgan hurmat va ehtiromni ifodalaydi.
Joriy yilda ham ushbu sana munosabati bilan Zomin tumanida bir qator ezgu tadbirlar tashkil etildi. Xususan, Zomin tumani hokimi Alisher Abdugʻaniyev, tuman Kengashi deputati Muhammadi Qarshivoyevlar va mas’ullar hamrohligida tumandagi Ikkinchi jahon urushi yillari davrida front ortida mehnat qilgan faxriylar holidan xabar oldi. Ular bilan samimiy suhbatlashib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining bayram munosabati bilan yuborgan esdalik sovgʻalarini tantanali tarzda topshirdi.
Hozirda Zomin tumanida 32 nafar urush yillari front ortida xizmat qilgan faxriylar istiqomat qiladi. Ushbu onaxon va otaxonlarga Prezidentimizning bayram tuhfalari alohida e’tibor va ehtirom bilan yetkazilmoqda. Buning uchun tumandagi sektor rahbarlari, mahalla faollari va yoshlar birlashmalari faol ishtirok etmoqda.
Tashriflar davomida faxriylarning yashash sharoitlari o‘rganilib, ularning ehtiyojlari, sog‘ligi va ijtimoiy holati bo‘yicha zarur choralar belgilanmoqda. Bu orqali yurtimizda inson qadri, ayniqsa, tarix oldida ulkan jasorat ko‘rsatgan avlod vakillariga bo‘lgan munosabat yana bir bor namoyon bo‘lmoqda.
Bu kabi tadbirlar yoshlarda tarixga hurmat, faxriylar hayot yo‘lidan ibrat olish, milliy qadriyatlarimizni asrash va ularni kelajak avlodga yetkazish borasida katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Zominlik faxriylar ushbu e’tibor va g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanliklarini izhor qilib, Prezidentimizga va butun xalqimizga chuqur minnatdorlik bildirdilar.