2024-yilning 3-may kuni tuman hokimligi
majlislar zalida Xalq deputatlari Paxtachi tuman Kengashining navbatdagi bir yuz sakkizinchi sessiyasi
boʻlib oʻtdi.
Sessiyada 29
nafar Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlaridan 22 nafari
ishtirok etishdi. Uzrli sabablarga koʻra 7 nafar deputat qatnashmadi.
Sessiyaga ommaviy axborot
vositalari va hisobot beruvchilar ishtirok etdilar.
Sessiyani xalq deputatlari tuman Kengashi
kotibiyati mudiri R.Magripova ochib berdi. Sessiya avvalida sessiya kotibi
saylab olindi. Sessiya kotibi etib 30-Qarnab saylov okrugidan saylangan deputat
Begmatov Uchqun Ravshanovich bir ovozdan saylandi.
Shundan soʻng deputatlar tomonidan sessiya kun
tartibi maʼqullandi. Sessiyada 5 ta masala koʻrib chiqildi.
Kun tartibidagi birinchi masala tuman
mahalliy budjetining 2024-yil 1-chorak davomida daromadlar prognoz rejasidan
ortig‘i bilan bajarilgan qismi va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni
sotishdan tushgan tushumi hisobidagi mablag‘laridan samarali foydalanish hamda
jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga
yo‘naltiriladigan mablag‘larni ajratish to‘g‘risida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari U.Arnaqulovning
taklifi eshitildi. Taklif
muhokama qilindi va bir ovozdan tasdiqlandi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024-yil 4-apreldagi “Mahallalardagi
muammolarni hal etishda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari va
senatorlarning “Mahalla yettiligi” bilan o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari
to‘g‘risida”gi KQ-706-IV-sonli Qarori ijrosini ta’minlash to‘g‘risidagi taklif muhokama
qilindi. Unda tuman Kengashi deputatlari tegishli saylov
okruglaridagi mahallalarga biriktirildi.
Kun tartibidagi navbatdagi masala Xalq deputatlari tuman Kengashining 2024-yil 28-fevraldagi “O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi “Xotin-qizlar
muammolarini o‘rganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish
chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 145-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida
5-bosqich “Ayollar daftari”ga tumandagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 4002 nafar
xotin-qizlarni kiritish va yo‘l xaritasini tasdiqlash masalasi yuzasidan tuman
hokimining oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi
I.Jurakulovaning taklifi to‘g‘risida”gi
VI-104-28-7-102-K/24-sonli Qaroriga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi
taklif muhokama qilindi va texnik xato tufayli ikki marta “Ayollar daftari”ga
kiritilgan xotin-qizlar tegishli mahallalardan ehtiyojmand xotin-qizlar o‘rniga
almashtirildi.
Kun tartibidagi to‘rtinchi masala tuman hokimining o‘rinbosari - Oila va xotin-qizlar bo‘limi
boshlig‘i I.Juraqulovaning hisoboti eshitildi. Unda “Ayollar daftari”ga kiritilgan 3-toifa “Boquvchisi bo‘lmagan
ehtiyojmand 800 nafar xotin-qizlarga bir
martalik moddiy yordam ajratilganligi aytib o‘tildi.
Kun tartibidagi so‘nggi masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-martdagi “Islom
taraqqiyot banki ishtirokida “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish”
(2-bosqich) loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi
PQ-141-sonli qarori 18-bandi ijrosini ta’minlash yuzasidan “Yo‘l xaritasi”ni
tasdiqlash to‘g‘risida taklif eshitildi hamda tuman hokimining o‘rinbosari
S.Qilichevning taklifiga binoan “Yo‘l xaritasi” bir ovozdan qo‘llab-quvvatlandi
va tasdiqlandi.