Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni har bir fuqaro his qilgan holda, ushbu rivojlanish jarayonining ishtirokchisi bo‘lishi vatanimiz oldidagi farzandlik burchi hisoblanadi.
2019-yilda mahalliy hokimiyat vakillik organlariga o‘tkazilgan saylovda 30-Qayirma saylov okrugiga qarashli “Orlot”, “O‘zbekqo‘rg‘on”, “Qayirma”, va “Bog‘ixon” mahallalarida yashovchi mehnatkash va oliyjanob xalqimiz tomonidan xalq deputatlari Ishtixon tuman Kengashi deputatligiga ishonch bildirildi.
O‘tkazilgan deputatlik uchrashuvlar natijasida fuqarolar tomonidan yuzdan ortiq murojaatlar qabul qilindi. Murojaatlarning aksariyat qismi ichki yo‘llarni ta’mirlash, yangi ish o‘rinlari ochish va ishga joylashtirish, banklar tomonidan tadbirkorlik qilish uchun kam foizli kreditlar ajratish, tibbiyot va ta’lim sohasidagi masalalar, fuqarolarning elektr ta’minoti va boshqa aholimizni qiynab kelayotgan masalalardan iborat.
Fuqarolarning murojaatlari bo‘yicha o‘tgan davr davomida korxona, tashkilot va muassasalarga yigirmadan ortiq deputatlik so‘rovlari yuborildi. Bular, Ishtixon tumanining 3- va 4-sektor rahbarlariga, Ishtixon tuman elektr ta’minoti korxonasiga, Ishtixon tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasiga, Ishtixon tuman obodonlashtirish boshqarmasiga hamda Ishtixon tuman Xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash tashkilotlariga yo‘llangan murojaatlarni tashkil etadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish “Dastur”larini amalga oshirish chora-tadirlari belgilab berilgan. Ushbu dasturlar doirasida saylov okrugimizda ham ijtimoiy obe’ktlarni ta’mirlash, qayta qurish va yangitdan qurish ishlari olib borildi. Jumladan,
- “Qayirma” mahallasiga qarashli “Qizil” qishloqda Ishtixon tumani Xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 70-maktabning filiali qurildi. Maktabga boruvchi yo‘llarga tosh-shag‘al yotqizildi. “Qizil qishloq” qishlog‘iga o‘tuvchi yo‘ldagi soyning ustiga hashar yo‘li bilan barpo etilishi rejalashtirilgan zamonaviy ko‘prikni qurilishi va foydalanishga topshirilishida mahalla faollari bilan birgalikda amaliy yordam ko‘rsatildi.
Mahalla aholisining tashabbuskorligi va mamlakatimizda joriy etilgan “Open byudjet” dasturi doirasida Qizil qishloqning asosiy ichki yo‘liga asfalt yotqizildi.
Ushbu mahallaning Qayirma qishlog‘ida davlat va xususiy sektor sherikchiligi asosida tibbiyot markazi ishga tushirildi. Bu esa, tuman markaziga uzoq masofada joylashgan hudud aholisiga sog‘ligini tiklash va davolanishi uchun yengillik yaratdi. Aholining ehtiyojlaridan kelib chiqib, mahalla hududida mavjud bo‘sh yerga tadbirkorlarni jalb qilgan holda xizmat ko‘rsatish va savdo obe’ktlari barpo etildi. Buning natijasida ko‘plab yoshlar ish bilan band qilindi.
Respublikamizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi maktab yoshigacha bo‘lgan bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish va xat-savodini chiqarish borasida ham bir qator ishlar amalga oshirildi. “Qayirma” saylov okrugiga qarashli to‘rtta mahallada o‘nlab maktabgacha ta’lim muassasalari barpo etildi.
- Davlatimiz rahbari tomonidan aholi salomatligini mustahkamlash va kasallikni erta aniqlash borasida olib borilayotgan islohotlari natijasini Ishtixon tumanining chekka hududida ham ko‘rishimiz mumkin. 2022-yilda tez tibbiy yordam markazining “Orlot” mahallasidagi filiali yangi qurilgan binoga va zamonaviy tibbiy jihozlarga ega bo‘ldi.
Ushbu mahalla hududida joylashgan 72 maktabga yangi ma’muriy bino qurilib, maktabning o‘quv binosining isitish tizimi kapital ta’mirlandi.
Tuman hokimligi tashabbusi va mahalla aholisining ko‘magida Orlot qishlog‘ining 2 ming 600 metr ichki yo‘llariga tosh-shag‘al yotqizildi. Aholining talabidan kelib chiqib, yangi xo‘jalik bo‘lib chiqqan xonadonlarga olib boruvchi 1 ming 200 metr yo‘lga asfalt yotqizildi.
Aholi sonining oshishi va maishiy texnikalarga bo‘lgan talabning oshishi natijasida Orlot qishlog‘ining o‘zida 4 ta yangi transformator ishga tushirildi.
- “O‘zbekqo‘rg‘on” mahallasida joylashgan 93 maktabga o‘quvchilar sig‘imini hisobga olib, yangi bino qurildi va maktabga olib boruvchi yo‘lga yangitdan asfalt yotqizildi.
Ushbu mahalla fuqarolari tomonidan hashar yo‘li bilan yangi Mahalla binosi qurildi va ushbu binoga tutash qilib, mahalla fuqarolariga xizmat ko‘rsatish va savdo binolari barpo etildi. Natijada o‘nlab yoshlar ish bilan ta’minlandi.
Aholini murojaatlarini va qishloq ichki yo‘llarining ta’mir-talabligini hisobga olib, 5 ming metr qishloq ichki yo‘llari tuman obodonlashtirish boshqarmasi va aholining mablag‘lari evaziga hashar yo‘li bilan shag‘allashtirildi.
- Aholining toza ichimlik suvga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida, “Bog‘ixon ” mahallasi hududida yangitdan yer osti artizani qurib ishga tushirildi. Bu esa ushbu mahallaning aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash imkonini yaratdi. Shu bilan birga, “Bog‘ixon” mahallasining yuqori qishlog‘iga suv olib kelish maqsadida boshlangan, ammo ancha yillardan beri to‘xtab qolgan kanalning qazish ishlari aholining talabidan kelib chiqib, qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orish uchun hashar yo‘li bilan davom ettirildi va “To‘sunsoy” suv omboridan qishloqqa suv olib kelindi.
“Bog‘ixon” mahallasida joylashgan 71 maktabning filiali ta’mirlandi. Ushbu mahalla aholisi va tadbirkorlari tashabbusi bilan mahalla markazi tashkil etilgan. Ushbu mahalla markazi va unga tutash hududda bolalarning sport bilan shug‘ullanishi uchun sport maydonlari tashkil etildi.
O‘tgan to‘rt yillik davr mobaynida erishilgan yutuq sifatida shuni ta’kidlash lozimki, saylov okrugimizning uchta mahalla aholisini tuman markazi bilan bog‘lovchi va “To‘sunsoy” suv omboriga olib boruvchi 12 km yo‘l yangitdan asfalt qilindi. Bu esa, “Bog‘ixon”, “Qayirma” va “O‘zbekqo‘rg‘on” mahalla fuqarolari va hududga keluvchi mehmonlarning xursandligiga sabab bo‘ldi.
Hudud aholisining asosiy daromad manbai dehqonchilik (uzumchilik) va chorvachilik hisoblanadi. Lekin, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish uchun berilayotgan imtiyozlar, elektr ta’minoti va yo‘l infra tuzilmalarining yaxshilanishi hamda aholimizning mulkdorlik tuyg‘usining oshishi natijasida tadbirkorlik bilan shug‘ullanadigan yoshlarimiz soni oshib bormoqda. Bu esa, o‘z-o‘zidan yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lishiga va aholi daromadining oshishiga olib keladi.
Yuqoridagi amalga oshirilgan yuzasidan yil yakunlari bo‘yicha saylovchilarga hisobotlar berib borilgan. Rejalashtirilgan ishlar va saylovchilar tomonidan berilgan takliflar natijasida muntazam deputatlik so‘rovlari chiqarib borildi. Shu bilan, birga ommaviy axborot vositalari ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi, viloyat televideniyasi tomonidan hududdagi muamolar va erishilgan yutuqlar bo‘yicha ko‘rsatuvlar efirga chiqarildi hamda hisobot shaklida maqolalar chiqarib borildi.
“O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining eng faol deputati” ko‘rik-tanlovi viloyat bosqichida qatnashib, faxrli 2-o‘rin qo‘lga kiritildi.
Siz azizlar bilan birgalikda amalga oshirilgan ishlar va erishilgan yutuqlarimiz kelgusida bundanda shijoatli hamda mas’uliyatli bo‘lib, xalqimiz farovonligini yanada oshirish yo‘lida xizmat qilishimizni anglatadi.