23-Qoqishtuvon saylov okrugi deputati G’.Qaybullayev 2025–2026 yillarga mo’ljallangan Davlat dasturi doirasida hududlarda suv xo’jaligi infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan keng ko’lamli ishlar izchil amalga oshirilayotgan jarayon bilan tanishdi. Jumladan, Xo’jaubbon va Hazorbog’ kanallarini betonlashtirish loyihasi ham ushbu sa’y-harakatlarning muhim yo’nalishlaridan biri hisoblanadi.
Loyihaga muvofiq, Hazorbog’ kanalining 16,58 kilometr hamda Xo’jaubbon kanalining 10 kilometr qismi betonlashtirilishi belgilangan bo’lib, bugungi kunda mazkur hududlarda qurilish-ta’mirlash ishlari jadal sur’atlarda olib borilmoqda. Ish jarayonlarida zamonaviy texnologiyalar va sifatli qurilish materiallaridan foydalanilib, belgilangan muddatlarda loyihani to’liq amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Kanallarni betonlashtirish orqali suv yo’qotilishining oldi olinib, suv resurslaridan samarali foydalanish imkoniyati yanada kengayadi. Bu esa qishloq xo’jaligi ekinlarini o’z vaqtida va sifatli sug’orish, yer unumdorligini oshirish hamda fermer va dehqonlar mehnatining samaradorligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, amalga oshirilayotgan ishlar hududning meliorativ holatini yaxshilash, suv ta’minotini barqarorlashtirish va aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xo’jaubbon va Hazorbog’ kanallarini betonlashtirish bo’yicha ishlar izchil davom etmoqda va ularni belgilangan muddatlarda sifatli yakunlash ko’zda tutilgan.