QUMTEPA"DA "HUNARMANDLIK MARKAZI" BO‘LADI
Uychi tumani hokimi tumanda hunarmandchilikni rivojlantirish va ichki turizm salohiyatini oshirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar doirasida Qumtepa mahallasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Jumladan, Namangan–Jiydakapa avtomobil yo‘li bo‘yida barpo etilayotgan «Hunarmandlik markazi» loyihasi doirasidagi qurilish va obodonlashtirish ishlari ko‘zdan kechirildi.
Qumtepa mahallasi darvozachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, bu yerda ko‘plab mohir ustalar faoliyat yuritib kelmoqda. Hunarmandlik markazida zamonaviy ustaxonalar, mahsulotlar ko‘rgazmasi va savdo nuqtalarini tashkil etish orqali ustalar uchun qulay sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.
Uychi tumani Xalq deputatlari tuman Kengashi deputati, tuman hokimi M.Abdullaye loyiha doirasida olib borilayotgan ishlarning borishi bilan tanishib, qurilishni sifatli tashkil etish, hududni milliy va zamonaviy uslub uyg‘unligida obodonlashtirish hamda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida amalga oshirish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berdi.
«Hunarmandlik markazi» — hunarmandchilikni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va Uychining turistik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.