Kun tartibiga muvofiq, Hamdo‘stlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishning
dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari nutqining avvalida global siyosat va iqtisodiyotdagi oldindan
bashorat qilib bo‘lmaydigan jarayonlar hamda xalqaro institutlarning roli zaiflashib
borayotganiga qaramasdan, MDH o‘zining barqarorligi, samaradorligi va zarurligini
namoyish etishda davom etayotganini ta’kidladi.
O‘n yillar davomida yo‘lga qo‘yilgan mexanizmlar va aloqalar tufayli iqtisodiy,
ijtimoiy va gumanitar masalalarning barcha yo‘nalishlarida yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
– Biz MDH doirasida hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, tabiiy sheriklarimiz
bo‘lgan mamlakatlar bilan amaliy hamkorlikning samaradorligini oshirishdan manfaatdormiz, –
dedi O‘zbekiston Prezidenti.
So‘ng mamlakatimiz yetakchisi Hamdo‘stlik doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada
kengaytirish bo‘yicha qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Jahon iqtisodiyotidagi vaziyatning keskinlashishi, proteksionizmning kuchayishi
va barqaror rivojlanish yo‘lida yangi xavf-xatarlar yuzaga kelayotganini hisobga
olgan holda iqtisodiy sheriklikni kengaytirish tashkilotning so‘zsiz ustuvor yo‘nalishi
ekani ko‘rsatib o‘tildi.
O‘zbekistonning MDHdagi sheriklari bilan tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yili
11 foizga oshgani va bu ko‘rsatkich joriy yilda ham o‘sishda davom etayotgani mamnuniyat
bilan qayd etildi. Bunday ko‘rsatkichlar tarmoqlararo kooperatsiya chuqurlashayotgani
va o‘zaro investitsiyalar oqimi ko‘payib borayotgani tufaylidir.
Mavjud imkoniyatlarni yanada to‘liq ishga solish, hamkorlikning bugungi sur’atini
saqlab qolish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti birgalikdagi sa’y-harakatlarni quyidagi
ustuvor yo‘nalishlarga qaratishni taklif etdi.
Birinchidan, tovar ayirboshlashni
ko‘paytirish uchun yanada qulay sharoitlarni shakllantirish.
Alohida tovarlarni, birinchi
navbatda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib berish jarayonida tartib-taomil
va talablarni soddalashtirish va milliy bozorlarga kirish, jumladan, davlat xaridlarida
ishtirok etish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek MDH Iqtisodiy kengashi
doirasida tashqi kon’yunktura o‘zgarishlariga tezkor javob berish va savdo oqimlari
yo‘nalishini o‘zgartirish bo‘yicha mexanizmlarni ishga tushirish, texnik to‘siqlar
va muvofiqlikni baholashga oid hujjatlarni tan olish to‘g‘risidagi bitimlar loyihalarini
kelishish borasidagi ishlarni faollashtirish maqsadga muvofiq ekaniga e’tibor qaratildi.
Ikkinchidan, transport sohasidagi
hamkorlikni chuqurlashtirish.
MDH makonidagi transport tarmog‘ida
mavjud yo‘laklar samaradorligini pasaytirayotgan muammoli holatlar hamon saqlanib
qolayotgani qayd etildi. Bu barcha turdagi transportlar bilan integratsiyalashgan
axborot-logistika markazlarini tashkil etishni taqozo etmoqda.
Yuk tashish infratuzilmasini
modernizatsiya qilish uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilish muhimligini hisobga
olib, O‘zbekistonda transport sohasida davlat-xususiy sheriklikni kengaytirish masalalari
bo‘yicha konferensiya o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.
Uchinchidan, o‘zaro investitsiyalar
o‘sishini rag‘batlantirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash.
Bu borada maxsus iqtisodiy va
sanoat zonalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni
tayyorlash, kooperatsiyani chuqurlashtirish va biznesni jalb qilgan holda innovatsion
startaplarni ilgari surish uchun MDHning Venchur platformasini yaratish, kelgusi
yilda Toshkentdagi «INNOPROM» ko‘rgazmasi negizida Innovatsion sanoat forumini o‘tkazish
taklif qilindi.
To‘rtinchidan, energetika sohasidagi
hamkorlikni rivojlantirish.
O‘zbekiston rahbari ta’kidlaganidek,
bugungi kunda MDHdagi sheriklar bilan an’anaviy va muqobil energiya manbalaridan
foydalanish, jumladan, atom elektr stansiyalari qurilishi sohasida qator yirik strategik
loyihalar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari MDH mamlakatlarida
energetika sektorini innovatsion rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli dastur ishlab
chiqish va amalga oshirishni taklif etdi.
Beshinchidan, raqamlashtirish
sohasidagi hamkorlik.
Davlatimiz rahbari joriy yil
avgust oyida Samarqandda o‘tgan «MDHda sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish»
mavzusidagi xalqaro forum bu sohadagi kooperatsiya borasida o‘zaro qiziqish va imkoniyatlar
ortib borayotganini ko‘rsatganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan ushbu sohada Amaliy
hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha ko‘p tomonlama harakatlar rejasini ishlab
chiqishni taklif etdi.
Davlatimiz rahbari fan, ta’lim,
madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma loyiha va dasturlarni kengaytirish muhimligiga
alohida e’tibor qaratdi.
– Mamlakatlarimizda ta’lim
sektori va mehnat bozori jadal rivojlanayotganini hisobga olib, Diplomlar, malaka
va akademik dasturlarni o‘zaro tan olish to‘g‘risida yangi davlatlararo kelishuvni
tayyorlash, Professional standartlar va malaka talablarini uyg‘unlashtirish mexanizmini
joriy etish lozim, deb hisoblaymiz, – dedi Prezident.
Kelgusi yilda kun tartibiga
innovatsion ekotizimlarni shakllantirish, yosh avlodning ijodiy va intellektual
salohiyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Yoshlar laboratoriyasini yaratish masalasini
kiritgan holda, MDH Yoshlar forumini Xivada o‘tkazishga tayyorlik bildirildi.
Mintaqaviy xavfsizlik masalalariga
to‘xtalar ekan, Prezidentimiz tashqi siyosiy idoralar va maxsus xizmatlar o‘rtasidagi
tizimli va yaqin aloqalarni davom ettirish muhimligiga e’tibor qaratdi. Afg‘onistondagi
vaziyat alohida e’tiborni talab qiladi.
– O‘zbekiston Afg‘onistonda
uzoq muddatli tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni ta’minlashning qat’iy
tarafdori ekanini ta’kidlayman. Shu munosabat bilan ushbu mamlakatda yirik investitsiya
va infratuzilma loyihalarini amalga oshirishda birgalikda ishtirok etish imkoniyatlarini
ko‘rib chiqishni taklif etamiz, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
So‘zining yakunida Shavkat Mirziyoev
Sergey Lebedevning MDH Bosh kotibi lavozimiga qayta tayinlanishini qo‘llab-quvvatladi
hamda Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovga tashkilotga raislikni qabul
qilib olgani munosabati bilan muvaffaqiyatlar tiladi.
Yig‘ilishda Hamdo‘stlikka a’zo
boshqa mamlakatlar delegatsiyalari rahbarlari ham so‘zga chiqdi.
Sammit yakunida MDH doirasidagi
hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha kelishuv va qarorlar to‘plami imzolandi.
Xalq deputatlari Taxiatosh tumani Kengashi deputati G.Taganberdiev