35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Янгиликлар

Yettinchi chaqiriq Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashining 32-sessiyasida shahar hududida chiqindilar bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari ijrosi, hududlarda sanitariya va obodonlashtirish holatini yaxshilash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur masala O‘zbekiston Respublikasining 2002-yil 5-apreldagi 362-II-son “Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonuni talablari asosida o‘rganildi. Qonun 2002-yil 2-maydan kuchga kirgan bo‘lib, uning 1-moddasida chiqindilar bilan bog‘liq faoliyatni tartibga solish, fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i hamda atrof-muhitga chiqindilarning zararli ta’sirining oldini olish, chiqindilar hosil bo‘lishini kamaytirish va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlash asosiy maqsad va vazifalar sifatida belgilangan.

Qonun ijrosining amaliy holatini o‘rganish maqsadida mas’ul tashkilotlar, deputatlar, mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Unda Xalq deputatlari Marg‘ilon shahar Kengashi kotibiyat mudiri A.Ermatov, deputatlar M.Mirzayev, M.Abdurahmonova va G‘.Madumarov, shahar Obodonlashtirish boshqarmasi boshlig‘i R.To‘xtasinov, shahar Nuroniy jamg‘armasi boshlig‘i S.Toshpo‘latov, shahar mahallalar uyushmasi rahbari A.Komilov,kotibiyat bosh mutaxassisi Z.Yakubova shuningdek, qator mahallalarning nuroniylari va yoshlar yetakchilari qatnashdi.

Muhokamalar davomida chiqindilarni to‘plash, hududlardan olib chiqish, sanitariya va obodonlashtirish ishlarini tashkil etish, mavjud muammolarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ul tashkilotlarning vazifalari ko‘rib chiqildi. Qonun talablarining ijrosini ta’minlash faqat chiqindilarni olib chiqish bilan cheklanmasdan, hududlarda tozalikni saqlash, chiqindilarning to‘planib qolishining oldini olish va aholi uchun qulay sanitariya sharoitlarini yaratishni ham nazarda tutishi ta’kidlandi.

O‘rganish jarayonida Xo‘japorso qabristonining obodonlashtirish va tozalik holati ham alohida muhokama qilindi. Ushbu hududni tartibga keltirish, obodonlashtirish ishlarini tizimli tashkil etish hamda sanitariya holatini yaxshilash yuzasidan tegishli masalalar ko‘tarildi. Mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar vakillarining bu boradagi takliflari ham tinglandi.

“Chiqindilar to‘g‘risida”gi Qonun chiqindilarni to‘plash, saqlash, tashish, zararsizlantirish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish bilan bog‘liq jarayonlarning huquqiy asoslarini belgilaydi. Shu bois hududlarda qonun talablarining amalda ta’minlanishi, ayniqsa, aholi gavjum bo‘lgan joylar, mahallalar va qabristonlar kabi jamoat uchun muhim hududlarda sanitariya va obodonlashtirish ishlariga mas’uliyat bilan yondashish muhim hisoblanadi.

Sessiyada ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berilib, Xo‘japorso qabristonini obodonlashtirish va hududdagi tozalik holatini yaxshilash bo‘yicha amaliy choralarni ko‘rish zarurligi qayd etildi. Mazkur ishlarning ijrosi deputatlar tomonidan deputatlik nazorati doirasida kuzatib boriladi.

Qonun ijrosini ta’minlash — nafaqat mas’ul tashkilotlarning, balki mahalla faollari va fuqarolarning ham umumiy mas’uliyatidir. Hududlarda tozalik va obodlikni ta’minlash borasidagi ishlarning izchil davom ettirilishi shahar ekologik va sanitariya muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.

Slide 1 of 10