«Xalq deputatlari Furqat tumani Kengashi Kubogi» mini-futbol musobaqasining g‘olibi aniqlandi
Oldin xabar berganimizdek, «Xalq deputatlari Furqat tumani Kengashi Kubogi» mini-futbol bo‘yicha tuman birinchiligi doirasidagi bellashuvlar yuqori saviya va qizg‘in raqobat muhitida davom etdi.
Musobaqa davomida mahallalardan ishtirok etgan jamoalar munosib natija qayd etish uchun o‘zaro kuch sinashib, sport mahorati, jismoniy tayyorgarlik va jamoaviy hamjihatlikni namoyon etdilar. Har bir uchrashuvda futbolchilarning g‘alabaga bo‘lgan intilishi va maydondagi faol harakatlari muxlislarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
🥇 Bugun tuman birinchiligining hal qiluvchi — final uchrashuvida musobaqa davomida munosib natijalar qayd etib, finalga qadar yetib kelgan «Ko‘k do‘ppi» va «Jaloer» jamoalari tuman Kubogi g‘olibligi uchun maydonga tushdilar.
Final uchrashuvi tomoshabinlar uchun ham qiziqarli va murosasiz kurashlarga boy tarzda o‘tdi. Uchrashuv davomida har ikki jamoa ham g‘alaba uchun bor kuchini ishga solib, hujum va himoyada munosib o‘yin namoyish etdi.
Maydon atrofini to‘ldirgan muxlislar esa o‘z jamoalarini faol qo‘llab-quvvatlab, futbolchilarga ruhiy dalda berib turdilar. Muxlislarning olqishlari va jamoalarga bo‘lgan ishonchi final bahsiga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.
⚽️ Qizg‘in va mazmunli kechgan uchrashuv yakuniga ko‘ra, «Ko‘k do‘ppi» jamoasi «Jaloer» jamoasini 3:2 hisobida mag‘lub etib, musobaqaning bosh sovrini — 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
🥇 1-o‘rin — «Ko‘k do‘ppi» jamoasi
🥈 2-o‘rin — «Jaloer» jamoasi
🥉 3-o‘rin — «Katta-Yangi» MFY jamoasi
Shu tariqa, «Ko‘k do‘ppi» jamoasi «Xalq deputatlari Furqat tumani Kengashi Kubogi» mini-futbol bo‘yicha tuman birinchiligining g‘olibi sifatida e’tirof etildi.
Musobaqa nafaqat sportchilarning mahorati va jismoniy tayyorgarligini sinovdan o‘tkazdi, balki mahallalar o‘rtasida sog‘lom raqobat, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini mustahkamlashga ham xizmat qildi.
Musobaqada faol ishtirok etgan barcha jamoalar, sportchilar, tashkilotchilar va o‘z jamoalarini doimo qo‘llab-quvvatlab kelgan muxlislarga minnatdorchilik bildiramiz.
G‘olib va sovrindor jamoalarni erishgan natijalari bilan muborakbod etamiz! Kelgusida ham tumanimizda sportning ommaviyligini oshirish, yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
G‘alaba muborak, «Ko‘k do‘ppi»! 🏆⚽️
Sport — sog‘lom avlod, kuchli iroda va birdamlik garovidir!