HUDUDDAGI ELEKTR TA'MINOTI MUAMMOSI DEPUTATLIK NAZORATIGA OLINDI
Xalq deputatlari Termiz tuman Kengashi 18–Do‘stlik saylov okrugi deputati A. Abdullayev saylangan hududda Kengash bosh mutaxassisi T. Murodov tomonidan monitoring o‘tkazildi.
Monitoring davomida hudud ko‘chama-ko‘cha yurib o‘rganildi hamda fuqarolar bilan muloqot qilinib, mavjud muammolar o‘rganildi.
O‘rganish jarayonida Mustaqillik va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalarida istiqomat qiluvchi fuqarolar uchun alohida transformator mavjud emasligi sababli elektr energiyasi hududda faoliyat yuritayotgan tadbirkorga tegishli transformator orqali yetkazib berilayotgani aniqlandi. Mazkur holat elektr ta'minoti sifatiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgani yuzasidan fuqarolar o‘z murojaatlarini bildirdilar.
Aniqlangan muammoni bartaraf etish hamda hududga alohida transformator o‘rnatish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan tegishli mas'ul tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborilishi ta'kidlandi.
Mazkur masalaning ijobiy hal etilishi deputatlik nazorati doirasida kuzatib boriladi.