Xalq deputatlari Muzrabot tumani Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritilishi rejalashtirilgan masalalar yuzasidan deputatlar tomonidan joylarda o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Shu maqsadda Xalq deputatlari tuman Kengashi kotibiyati mudiri Sherboyev Dilmurod hamda tuman Kengashiga 7-«Qo‘rg‘oncha» saylov okrugidan saylangan deputat Norqobilov Shuhrat va tuman Kengashi kotibiyati bosh mutaxassisi B.Xoliqov tomonidan tuman tibbiyot birlashmasida deputatlik nazorati tadbiri o‘tkazildi.
O‘rganish davomida tumanda sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari ijrosi, kasalliklar profilaktikasini tashkil etish holati, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish madaniyatini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda soha faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlari atroflicha tahlil qilindi.
Shuningdek, aholining sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olinishi, tibbiyot muassasalarining zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlanganlik darajasi, dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta’minlanishi holati ham o‘rganildi.
Tashrif doirasida tibbiyot birlashmasida faoliyat yuritayotgan shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlari ishtirokida davra suhbati tashkil etilib, sohada uchrayotgan muammolar, ularning yechimlari hamda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘rganish yakunlari bo‘yicha deputatlar tomonidan mas’ul rahbarlarga kasalliklarni erta aniqlash va sifatli tashxis qo‘yish samaradorligini oshirish, bemorlarning yo‘naltirilish jarayonlari ustidan nazoratni kuchaytirish, bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha tibbiyot xodimlari faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar berildi.