35 yilYagona vatan, yagona xalq bo'lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!

Янгиликлар

Xavfsiz mahalla va jinoyatchilik profilaktikasi masalalari doimiy komissiyalar muhokamasida

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2026-yil 5-yanvardagi PQ–1-sonli qarori ijrosining Termiz shahridagi holati keng muhokama qilindi.

Mazkur masala yuzasidan shahar prokurori R.Ibragimovning axboroti shahar prokurori o‘rinbosari K.Xazratqulov tomonidan deputatlar va doimiy komissiya a’zolari e’tiboriga havola etildi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qaror ijrosi doirasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyatchilikni jilovlash, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish hamda aholining osoyishta hayotini ta’minlash borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlari va mutasaddi tashkilotlar hamkorligida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

2026-yilning birinchi yarim yilligida Termiz shahrida jami 326 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 55,9 foizga kamaygan. Ushbu ko‘rsatkich shaharda jinoyatchilikni kamaytirish va profilaktik tadbirlarni kuchaytirish bo‘yicha olib borilgan ishlarning muayyan samarasini namoyon etmoqda.

Shuningdek:

oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar soni 110 tani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 3,5 foizga kamaygan;

mahallalar hududida sodir etilgan jinoyatlar 1,6 foizga qisqarib, umumiy jinoyatlarning 18,7 foizini tashkil etgan;

axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilgan jinoyatlar keskin kamayib, 476 tadan 18 taga tushgan, ya’ni 87,7 foizga qisqargan;

aniqlanadigan jinoyatlar soni 198 tani tashkil etib, umumiy jinoyatlarning 60 foizdan ortig‘ini tashkil etgan.

Shu bilan birga, hisobotda ayrim yo‘nalishlarda jinoyatlarning saqlanib qolayotganligi ham qayd etildi. Xususan, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar, voyaga yetmaganlar, yoshlar, muqaddam sudlangan shaxslar, guruh bo‘lib sodir etilgan jinoyatlar hamda ishlamaydigan va ta’lim bilan qamrab olinmagan shaxslar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar chuqur tahlil qilinib, ularni keltirib chiqarayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan mas’ul idoralarga tegishli vazifalar belgilandi.

Prezidentimiz qarori asosida ishlab chiqilgan "Yo‘l xaritalari" doirasida amalga oshirilgan manzilli ishlar natijasida "qizil" toifadagi mahallalarda istiqomat qiluvchi 90 nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi.

Bundan tashqari, muqaddam sudlangan hamda ma’muriy nazorat ostidagi 269 nafar shaxs individual tartibda o‘rganilib 126 nafarining ijtimoiy-maishiy muammolari hal etildi hamda 37 nafari ish bilan ta’minlanib, ularni jamiyatga moslashtirish, qayta huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.

Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan jinoyatchilik profilaktikasini yanada kuchaytirish, mahallalarda profilaktik ishlarni manzilli tashkil etish, yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish, huquqbuzarliklarning sabab va omillarini bartaraf etish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Yakunda kun tartibidagi masalalar yuzasidan tayyorlangan qaror loyihalari doimiy komissiyalar tomonidan ma’qullanib, ularni ko‘rib chiqish va yakuniy qaror qabul qilish uchun Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashining navbatdagi sessiyasi kun tartibiga kiritish to‘g‘risida tegishli qaror qabul qilindi.

Xalq deputatlari Termiz shahar Kengashi tomonidan Prezident qarorlari ijrosi ustidan deputatlik nazoratini kuchaytirish, mahallalarda tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash hamda fuqarolar xavfsizligini mustahkamlash borasidagi tizimli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Slide 1 of 4