Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashi deputatlari tomonidan yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash masalalari joyida o‘rganildi. Xalq deputatlari Parkent tuman Kengashining 15-Beshkappa saylov okrugidan saylangan deputati, tuman Kengashi kotibiyati mudiri Berdiqulova Mavluda Tojiddinovna hamda 24-Tolbuloq saylov okrugidan saylangan deputat Uboydullayeva Yulduz Abrorjonovna Parkent tuman IIB Yo‘l harakati xavfsizligi bo‘limiga tashrif buyuishrdi. Tashrif davomida deputatlar tuman hududidagi avtomobil yo‘llarida tirbandliklarning oldini olish, yo‘l-transport hodisalari ko‘p sodir bo‘layotgan nuqtalarda xavfsizlikni kuchaytirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi hamda mas’ullar bilan atroflicha suhbatlashdi. Suhbat jarayonida tuman IIB YHXB xodimi tomonidan yo‘l-transport hodisalari eng ko‘p sodir bo‘layotgan hududlar haqida ma’lumot berildi. Jumladan Parkent–Kumushkon yo‘nalishining Changi qishlog‘ida joylashgan ko‘prikdan “Quyosh” MFYdagi asosiy chorrahagacha bo‘lgan yo‘l qismida tungi yoritish darajasi talabga javob bermasligi, “Oydin” MFY hududida yo‘l belgilari yetishmasligi hamda piyodalar o‘tish chiziqlarini chizish zarurligi, tuman Markaziy dehqon bozori oldidagi asosiy yo‘lga qo‘shimcha yo‘l belgilari o‘rnatish lozimligi ta’kidlandi. Deputatlar tomonidan mazkur muammolarni bartaraf etish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash hamda aholining xavfsiz harakatlanishi uchun mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.